Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 21 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu nufuzli tashkilot bilan milliy sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va mustahkamlash borasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Keyingi yillarda JSST bilan hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlangan. Sog‘liqni saqlash sohasidagi keng ko‘lamli va tizimli islohotlar tashkilotning ekspert-maslahat ko‘magi hamda uning xalqaro standartlari va tavsiyalarini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda.

Hamkorlik doirasida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga qaratilgan bir qator strategik hujjatlar ishlab chiqilgan. Malakali tibbiyot xodimlari tayyorlanmoqda, birlamchi tibbiy-sanitar yordam, diagnostika va kasalliklar profilaktikasi tizimlari takomillashtirilmoqda, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilmoqda.

JSST bosh direktori O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, aholining tibbiyot xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish, onalar o‘limini kamaytirish va raqamli tibbiyotni rivojlantirish borasida erishilgan salmoqli natijalarni alohida e’tirof etgan.

Uchrashuv yakunida farmatsevtika sohasini tartibga solish tizimini takomillashtirish, sog‘liqni saqlash sohasida raqamli yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish kabi ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda qo‘shma tadbir va tadqiqotlar o‘tkazish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva narkotahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha Samarqandda o‘tkazilayotgan xalqaro forum doirasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus bilan uchrashuv o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev JSST Tedros Adxanom Gebreyesus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing