Samarqandda Markaziy Osiyo Narkologlar assotsiatsiyasi tashkil qilinadi
Jamiyat
−
20 aprel 2300 1 daqiqa
Bugun, 20 aprel kuni Samarqandda boshlangan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi global forumda viloyatda Markaziy Osiyo Narkologlar assotsiatsiyasining Bosh ofisi tashkil qilinishi e’lon qilindi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tomonidan o‘qib eshittirilgan Shavkat Mirziyoyevning forum qatnashchilariga murojaatida so‘z boradi.
Unda giyohvandlikka qarshi kurashni kuchaytirish, yoshlarni himoya qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda narkotik moddalarning tarqalishini oldini olish bo‘yicha zamonaviy raqamli va moliyaviy nazorat mexanizmlarini joriy etish kabi muhim tashabbuslar qayd etilgan. Bu borada O‘zbekiston 50 dan ortiq davlat va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgani alohida ta’kidlangan.
Prezident o‘z murojaatida sintetik narkotiklarning yangi turlari paydo bo‘layotgani sababli doimiy muloqot maydonini ishga tushirish lozimligni aytgan. Giyohvandlikka chalinganlarning tibbiy reabilitatsiyasi bo‘yicha tajriba almashish maqsadida Markaziy Osiyo Narkologlar assotsiatsiyasini tuzish va uning Bosh ofisini Samarqand shahrida tashkil qilish taklifini ilgari surgan.
Shuningdek, Narkotrafik xavfi yuqori bo‘lgan hududlar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va ish o‘rinlari yaratishni ko‘zda tutuvchi maxsus rivojlanish dasturini ishlab chiqish taklif etilgan.
Live
Barchasi