Saida Mirziyoyeva Tataristonga bordi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva kecha, 1 dekabr kuni Tatariston Respublikasi raisi Rustam Minnixonov bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, ular O‘zbekiston va Tatariston hududlari o‘rtasidagi jadal savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilgan.

“Xalqlarimizning tarixiy yaqinligi va madaniyatlar mushtarakligiga asoslangan gumanitar aloqalarga alohida e’tibor qaratdik. O‘zbekistonda eng ko‘p sonli tatar diasporasi istiqomat qilmoqda. Tatariston esa Rossiyada ta’lim sohasidagi asosiy hamkorlarimizdan biri hisoblanadi – bu yerda 3,5 mingdan ziyod o‘zbekistonlik yoshlar tahsil olmoqda.

Samimiy qabul va ochiq muloqot uchun minnatdorman. O‘zaro manfaatli hamkorligimiz yanada rivojlanishi va mustahkamlanib borishiga ishonaman”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Tatariston raisining matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ishchi tashrif bilan Qozonda bo‘lib turgan Saida Mirziyoyeva Rustam Minnixonovga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazgan.

Rustam Minnixonov va Saida Mirziyoyeva “Olamlar orasidagi nur” nomli kartinalar ko‘rgazmasiga bordi. Ekspozitsiya Rossiyaning Istra shahridagi “Yangi Yerusalim” Davlat muzeyi hamda Nukus shahridagi I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat san’at muzeyi kolleksiyalarini birlashtirdi.

“Tatariston–O‘zbekiston aloqalari tarixiy jihatdan bizda juda ko‘p umumiy jihatlar borligiga asoslanadi. Bunga bizning tariximiz, an’analarimiz, umumiy dinimiz, albatta, tillar yaqinligi xizmat qiladi – biz bir-birimiz bilan oson muloqot qila olamiz”, dedi Minnixonov.

Kecha kechqurun Minnixonov va Mirziyoyeva kompozitor va pianist Kirill Rixter hamda maestro Alibek Kabduraxmonov boshqaruvidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri ishtirokidagi konsertga bordi. Konsert Qozon shahridagi G. Kamal nomidagi teatrning yangi binosida bo‘lib o‘tdi. Konsert yakunlanganidan so‘ng, artistlarga Saida Mirziyoyeva va Rustam Minnixanov nomidan gullar taqdim etildi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Saida Mirziyoeva Tatariston Rustam Minnixonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing