Samarqandda havoni ifloslab kelgan cho‘chqaxona aniqlandi (foto)

3-sahifa

image

Samarqand viloyatida havoni ifloslab, cho‘chqa boqib kelgan tadbirkor aniqlandi. Bu haqda Maxsus komissiya xabar berdi.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi Kamolot mahallasi ahli kechasi tarqaladigan noodatiy tutundan aziyat chekib kelgan. Tutun quyuq, hidi o‘tkir, atrofdagi havo tun bo‘yi ketmaydigan darajada ifloslangan.

Mahalla va jamoatchilikning murojaatidan so‘ng tuman hokimligi hududda o‘rganish olib borgan. Ma’lum bo‘lishicha, “Ismoil Zahro” MCHJ avtomashina ballonlarini yoqib, chorva mollari uchun yemish tayyorlab kelgan. Samarqand shahrining “Super” hududiga yaqin joydagi bu holatdan shahar aholisi ham aziyat chekkan.

Tumani hokimi o‘rinbosari Aziz G‘afurovning ma’lum qilishicha, tadbirkor bu hududni to‘liq yopib olgan, bir necha oy davomida ishchi guruhni ichkariga kiritmagan. 3 dekabr kuni o‘tkazilgan o‘rganishga mutasaddi tashkilotlarning barchasi jalb etilgan. Natijada 40 sotixli yopiq hududda tadbirkor cho‘chqa boqib kelayotgani aniqlangan.

Tuman hokimligi bu holat tezkorlik bilan to‘xtatilgani va tegishli shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda huquqiy choralar ko‘rilishini bildirdi.

Viloyat ekologiya boshqarmasi axborot xizmati rahbari Sherali Iskandarovga ko‘ra, tadbirkor 2 yil davomida bu yerda cho‘chqa boqib kelgan. Hayvonlarga ozuqa tayyorlash maqsadida kechasi mashina ballonlarini yoqqan. Biznes ombudsmanga qilingan murojaat va tashkilot javob xatiga asosan, tadbirkorga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘riladi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, korxona ushbu turdagi faoliyat bilan shug‘ullanish uchun ekologiya organi va sanitariya-epidemiologiya markazidan ruxsat olmagan.

Manbaga ko‘ra, cho‘chqalarni oziqlantirish evaziga havoni ifloslantirib kelgan “Ismoil Zahro” MCHJning 2024 yildagi rasmiy aylanmasi 400 ming so‘m, 2025 yilda esa 1 mln so‘m bo‘lgan. Korxonaning soliq qarzdorligi esa 60 million so‘mdan ortiq.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda filtr o‘rnatmagan 10 ta issiqxona yopilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand havo cho'chqaxona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing