Saudiya Arabistoni Yaman portini bombardimon qildi
Olam
−
30 dekabr 2661 3 daqiqa
Bugun, 30 dekabr kuni Saudiya Arabistoni harbiylari Yaman hududidagi Mukalla port shahrini bombardimon qildi. Bunga sabab sifatida Birlashgan Arab Amirliklaridan (BAA) qurol-yarog‘ yetkazilgani ko‘rsatildi. Bu haqda SPA xabar berdi.
Qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya BAAdan borgan ikki kema orqali qurol olib kirilgani bois Yamaning Mukalla port shahriga havo zarbalari bergan. Xabarda aytilishicha, qurol-yarog‘ning xavfi va u keltirib chiqarayotgan keskinlashuv, xavfsizlik va barqarorlikka tahdidni inobatga olib, bugun, 30 dekabr kuni ertalab koalitsiya harbiy-havo kuchlari portdagi ikki kemadan tushirilgan qurol va harbiy texnikani yo‘q qilishga qaratilgan cheklangan harbiy amaliyot o‘tkazgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, al-Fujayra portidan chiqqan ikki kema ruxsatsiz ravishda Mukalla portiga kirgan, kuzatuv tizimlarini o‘chirgan va Janubiy Yaman o‘tish kengashi (JOK) kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qurol-yarog‘ tushirgan. Koalitsiya bu harakatlarni sulh bitimlari va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarining buzilishi sifatida baholagan.
Xabarlarga ko‘ra, Janubiy Yaman o‘tish kengashi Saudiya Arabistonini Yaman portiga berilgan havo zarbasidan so‘ng tajovuzda ayblagan.
“Nima bo‘lgan bo‘lsa, Mukallada Saudiya Arabistoni tomonidan amalga oshirilgan bir tomonlama agressiyadir”, deyiladi bayonotda.
Shuningdel, Ar-Riyod BAAning harakatlaridan afsus bildirgan va Amirliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Janubiy o‘tish kengashi “separatistlari”ga yordam ko‘rsatilganini qayd etgan. Saudiya Arabistoni BAAdan bir sutka ichida o‘z kuchlarini Yamandan olib chiqishni talab qilgan.
BAA TIV bunga javoban, ularning harbiylari Yamanda qonuniy hukumat taklifiga binoan va “aka-uka Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasi doirasida, legitimlikni tiklash va terrorizmga qarshi kurash maqsadida, Yaman Respublikasining suverenitetiga to‘liq hurmat bilan” faoliyat yuritayotganini bildirgan.
“Associated Press”ning yozishicha, ushbu hodisa fonida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va mintaqaviy siyosat borasidagi raqobat tobora kuchayib bormoqda. Yamanda 90 kunlik favqulodda holat joriy etilgan.
Rasmiylar bu qarorni fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, “Yamanning birlik, suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitligiga sodiqlikni tasdiqlash”, shuningdek ichki mojarolarga qarshi turish zarurati bilan izohlagan.
Ma’lumot uchun, dekabr boshida Janubiy o‘tish kengashi Yamanning sharqidagi Hadramaut va Al-Mahra viloyatlarida hokimiyatni egallab oldi. Saudiya Arabistoni TIV ularning harakatini asossiz eskalatsiya deb atab, JOKni bu hududlardan kuchlarini olib chiqishga chaqirdi. Shundan so‘ng Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Hadramautda harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi.
BAA tomoniga ko‘ra, Hadramaut va Al-Mahradagi voqealar boshidanoq ularning pozitsiyasi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal etish, keskinlikni pasaytirish va Yamandagi mojaroga jalb qilingan tomonlar o‘rtasida o‘zaro tushunishni ta’minlashga qaratilgan bo‘lgan.
2025 yil holatiga ko‘ra, Yaman hududi ustidan nazorat uch asosiy kuch o‘rtasida taqsimlangan. “Ansorulloh” harakati (husiylar) poytaxt Sana joylashgan g‘arbiy va shimoli-g‘arbiy viloyatlarni, aholining qariyb 70 foizi yashaydigan hududlarni nazorat qiladi. Janubni poytaxti Aden port shahri bo‘lgan Janubiy o‘tish kengashi boshqaradi. Qolgan hududlar esa xalqaro miqyosda tan olingan Rahbarlik prezidentlik kengashiga aloqador kuchlar qo‘lida bo‘lib, u JOK va boshqa antihusiy tuzilmalar vakillarini ham o‘z ichiga oladi.
Mukalla – Aden shahridan taxminan 480 kilometr shimoli-sharqda joylashgan port shahri bo‘lib, husiylar 2014 yilda Sanani egallab olganidan so‘ng Yamandagi ularga qarshi kuchlar markaziga aylangan.