“Qonli yil”. Saudiyada qatllar soni bo‘yicha rekord yangilandi

Olam

image

Saudiya Arabistoni bir yil ichida amalga oshirilgan qatllar soni bo‘yicha o‘zining avvalgi rekordini yangiladi. Ularning aksariyati giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun amalga oshirilgan. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistonida qatllarni kuzatib boruvchi Britaniyaning Reprieve huquqni himoya qilish tashkiloti joriy yilda kamida 347 kishi qatl etilganini qayd etgan. Taqqoslash uchun, 2024 yilda 345 ta qatl amalga oshirilgan.

Bayonotda joriy yil “qirollikda monitoring boshlanganidan buyon eng qonli qatl yili” bo‘lgani ta’kidlanadi. Qayd etilishicha, oxirgi qatl etilganlar giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topilgan Pokistonning ikki fuqarosi bo‘lgan. Ulardan avval jurnalist hamda namoyishlar bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblangan, jinoyat sodir etilgan vaqtda voyaga yetmagan bo‘lgan ikki nafar yosh fuqaro qatl etilgan. Shuningdek, besh nafar ayol ham qatl qilingan.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, ularning aksariyati taxminan uchdan ikki qismiga giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun hukm o‘qilgan bo‘lib, BMT buni “xalqaro normalar va standartlarga zid” deb hisoblaydi. Shu bilan birga, qatl etilganlarning yarmidan ko‘prog‘i chet el fuqarolari bo‘lgan.

Saudiya rasmiylari qatllar sonining oshishi borasida izoh bermagan. Mamlakatning hozirgi rahbari Muhammad ibn Salmon 2017 yilda valiahd shahzoda bo‘lganidan buyon mamlakatni tubdan o‘zgartirdi: ijtimoiy cheklovlarni yumshatdi, biroq tanqidni qat’iy bostirdi. U Saudiya Arabistonini tashqi dunyoga ochdi, ko‘chalardan diniy politsiyani olib tashladi va ayollarga avtomobil boshqarishga ruxsat berdi.

Shu bilan birga, AQSHda joylashgan Human Rights Watch huquqni himoya qilish tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat hanuz “o‘ta tashvishli” bo‘lib qolmoqda, qatl darajasining yuqoriligi esa jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Huquq faollari ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda faqatgina Xitoy va Eron Saudiya Arabistoniga qaraganda ko‘proq odamni qatl qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Oliy sudi 30 yoshli bokschi va siyosiy mahbus Muhammad Javad Vafoei Sanining qayta sud qilish haqidagi iltimosini rad etgandi va unga nisbatan o‘lim jazosini o‘z kuchida qoldirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni qatl

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing