Sirdaryo bo‘yidan 50 kg “egasi yo‘q” narkotik topildi
3-sahifa
−
18 aprel 3899 1 daqiqa
Sirdaryo daryosining bo‘yidan 4 dona polietilen qopga joylangan narkotik topib olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan davlat chegarasini qo‘riqlash va uning daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida noqonuniy holat aniqlangan.
Xususan, Sirdaryo daryosining Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Shodiqoziq MFY hududidan o‘tuvchi qismi qirg‘og‘ida noma’lum shaxslar tomonidan 4 dona polietilen qoplar qoldirib ketilganligi ma’lum bo‘lgan.
Mazkur qoplar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, ularning ichida qo‘shni davlatdan kontrabanda qilingan jami 48 dona o‘ramda 47 kg 113 gr “gashish”, 15 dona o‘ramda 7 kg 779 gr “opiy” giyohvandlik vositalari, shuningdek, 10 710 dona “Lidaza” va 756 dona “Tenoksikam” nomli dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda 210 dona afg‘on qozonining ichiga qariyb 191 kg “gashish”ni yashirgan shaxs qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi