Farg‘onada yuk mashina g‘ildiraklaridan qariyb 20 kg narkotik topildi (video)
3-sahifa
−
14 may 2080 1 daqiqa
Farg‘ona viloyati Rishton tumani “Dehqonobod” mahallasida yuk mashinaning g‘ildiraklaridan qariyb 20 kg og‘irlikdagi giyohvand modda topildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hududda o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘shni mamlakatdan kelgan “Volvo” yuk mashinasining g‘ildiraklari ichiga xufiyona tarzda yashirilgan giyohvand moddalarni olayotgan vaqtlarida 52 yoshli avtomashina haydovchisi hamda buyurtmachi hisoblangan Uchko‘prik tumanida yashovchi 26 yoshli shaxs ushlangan.
G‘ildiraklar ichiga jami 3 kg 408 gr “opiy” va 16 kg 405 gr “gashish” moddalari yashirilganligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, ushbu noqonuniy ishga buyurtmachi shaxsning 46 yoshli otasi ham aloqador ekani aniqlanib, u ham protsessual tartibda qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi va 25, 273-moddasi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Ayritom” chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan kirib kelgan yuk mashinasida jami 366 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlangandi.
Live
Barchasi