“Sobiq terrorist”. Ash-Shara o‘z tarixini himoya qildi
Olam
−
08 dekabr 7477 3 daqiqa
Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara 6 dekabr kuni Doxa forumida saxnaga chiqqanida “sobiq terrorist” sifatida tanishtirilganidan keyin o‘z o‘tmishini himoya qilishga majbur bo‘ldi. U yigirma yildan ortiq davom etgan kurashlar davomida “hech qachon tinch aholiga zarar yetkazmaganini” ta’kidladi.
CNN jurnalisti Kristian Amanpur bilan rasmiylar, OAV va forum ishtirokchilari oldida kechgan keskin bahs paytida u “terrorist” atamasi o‘nlab yillar davomida aniq ta’rifsiz ishlatilib kelinganini aytdi.
“Mening terrorist bo‘lganimni aytish va shunga ko‘ra menga baho berish siyosiylashtirilgan. Kimnidir terrorist, deb baholash isbot talab qiladi. Mening fikrimcha, terroristlar – aybsizlarni, bolalar va ayollarni o‘ldiradigan, noqonuniy yo‘llar bilan odamlarga ziyon yetkazuvchilardir”, dedi u.
Ash-Shara G‘azo, Afg‘oniston, Iroq va Bashar Asad boshqaruvidagi sobiq Suriya rejimini misol qilib keltirdi va ular katta fuqarolik halokatlari uchun javobgar bo‘lishsa-da, o‘zlari “terrorist” deb atalmasligini ta’kidladi.
“G‘azoda 60 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, ularning ko‘pchiligi aybsiz edi. Suriya rejimi 14 yil ichida bir milliondan ko‘p odamni o‘ldirdi, 250 ming kishi hanuz bedarak ketgan – ammo bu rejim terrorist deb atalmaydi”, dedi u.
U shaxsan “hech qachon tinch aholiga zarar yetkazmaganini” aytdi va 20 yildan ortiq vaqt davomida “shon-u sharaf bilan” bir necha frontlarda jang qilganini qo‘shimcha qildi.
Ash-Shara o‘tgan yili Damashqqa qilingan tezkor hujumni “raqamli” deb atadi.
“Siz hech qachon terrorist 11 kun davomida rejalashtirib, Xalab, Rakka, Damashq, Latakiya va Suveyda kabi yirik shaharlarga birorta fuqaroga zarar yetkazmasdan kirganini ko‘rganmisiz? Biz qamoqxonalar eshiklarini qo‘llarimiz bilan sindirdik. Sednaya qamoqxonasidan odamlarni ozod qildik, u yerda jasadlar kislotada yondirilar edi” dedi u.
Uning aytishicha, “ikkiyoqlama standartlar” harakatga nisbatan qarashlarni yillar davomida shakllantirgan, ammo “haqiqat g‘alaba qozongan” va u endi BMT Xavfsizlik Kengashining terroristlar ro‘yxatida emas.
O‘z o‘tmishini himoya qilishdan tashqari, ash-Shara Qatardagi forumdan foydalanib, hokimiyatga kelganidan buyon Siriya qo‘shnilar va xalqaro hamkorlarga bergan va’dalarni to‘liq bajarganini ta’kidladi. U mamlakat “yaqinlashuv bosqichidan o‘tgani”ni va mintaqaviy hamda xalqaro aloqalar qayta tiklanganini aytdi.
Bir yil avval, xuddi shu forumda, Qatar, Eron, Turkiya va boshqa mintaqaviy amaldorlar tinmay maslahatlashar, ash-Shara boshchiligidagi isyonchilar esa Damashq yaqiniga yetgan edi.
“Bir yil avval biz shu yerda edik va Damashqqa bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edik. O‘shanda, ehtimol, forum kun tartibini o‘zgartirganmiz”, dedi u.
U Suriya “to‘g‘ri yo‘lda” ekanini, barqarorlik yaxshilangani, iqtisodiy ko‘rsatkichlar oshgani va elektr ta’minoti 90 daqiqa o‘rniga kuniga 12–14 soatga ko‘tarilganini aytdi.
Biroq u o‘z kuchlari tomonidan ozchiliklarga nisbatan sodir etilgan qotillik va jinoyatlarni ham tan oldi.
“Jinoyatlar sodir etilgan. Biz ularni qo‘llamaymiz, qonun ustuvor bo‘ladi. Biz javobgarlarni aniqlash va jazolash ustida ishlayapmiz”, dedi u.
Uning fikricha, Isroilning hududiy kirib kelishi bugungi asosiy muammolardan biri bo‘lib, muzokaralar davom etmoqda va AQSH bevosita ishtirok etmoqda.
“Barcha davlatlar Isroilning 8 dekabrgacha bo‘lgan chegaralarga qaytishi tarafdori. Damashq mantiqiy va oqilona xavfsizlik masalalarini muhokama qilishga tayyor. Isroil emas, aynan Suriya hujumga uchrayapti. Qaysi tomon bufer hudud talab qilishga haqli?” deb so‘radi ash-Shara.
Live
Barchasi