Sudlangan migrantlarni Rossiyaga kiritmaslik taklif qilindi
Olam
−
10:31 1610 1 daqiqa
Rossiyada LDPR fraksiyasi deputatlari partiya yetakchisi Leonid Slutskiy boshchiligida sudlangan xorijiy fuqarolar uchun Rossiyaga umrbod kirish taqiqini joriy etishni taklif qildi. Tegishli qonun loyihasi parlament palatasi ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Taqdim etilayotgan qonun loyihasiga ko‘ra, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan, sudlanganligi olib tashlanmagan yoki bekor qilinmagan, shuningdek sudlanganligi olib tashlangan yoki bekor qilingan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Rossiyaga kirishi taqiqlanadi”, deyiladi tushuntirish xatida.
Hujjatda aniqlik kiritilishicha, hozirda sudlangan xorijiy fuqarolar uchun Rossiyaga kirishni taqiqlash choralari faqat ma’lum bir muddatga amal qiladi.
“Taklif etilayotgan choralar Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga sezilarli zarar yetkazilishining va ularning asosiy huquqlari buzilishining oldini olishga qaratilgan bo‘lib, shuningdek xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasida jinoyatchilik darajasini kamaytirish bo‘yicha ogohlantiruvchi chora sifatida xizmat qiladi”, deyiladi hujjatda.
Eslatib o‘tamiz, avvalqroq Rossiyada hukumat komissiyasi sudlanganligi olib tashlanmagan yoki bekor qilinmagan chet elliklarga Rossiya fuqaroligini, vaqtincha yashash ruxsatnomasini (VYAR) yoki yashash uchun ruxsatnomani (YAR) berishni taqiqlashni ma’qullagani haqida xabar berilgan edi.