“Tabiiy gaz sarfi 7 mlrd kubga kamayadi”. Yangi quvvatlar ishga tushirildi
Jamiyat
−
05 dekabr 5590 2 daqiqa
Bugun, 5 dekabr kuni Toshkent shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi marosimda qariyb 11 milliard dollarlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma ob’ektlari ishga tushirildi, yana 21 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi.
O‘zbekiston hududlarida jami 3 ming 500 megavattli 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidrostansiya foydalanishga topshirildi. Ular to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr generatsiya bo‘ladi. Natijada kelgusi yilda “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmi 23 milliard kilovatt-soatga yetkaziladi.
“E’tibor bering, bu O‘zbekiston aholisining yillik elektr energiya iste’moli to‘liq qoplanadi deganidir”, dedi Prezident.
Eng muhimi, “toza” energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 milliard kub metrga kamayadi. Atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.
Shuningdek, 1 ming 245 megavattli 10 ta energiya saqlash tizimi ham ishga tushirilmoqda. Bu energiya eng ko‘p iste’mol qilinadigan tig‘iz vaqtlarda qo‘shimcha 1,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini tarmoqqa uzatish imkonini beradi. Foydalanishga topshirilayotgan 11 ta yirik podstansiya va 420 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar tizimning barqaror ishlashiga xizmat qiladi.
Prezident elektr energiyasiga oshib borayotgan ehtiyojni qoplash uchun 2030 yilgacha qo‘shimcha 17 ming megavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini ishga tushirish muhimligini ta’kidladi. Natijada “yashil” energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 54 foizga yetkaziladi.
Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida 3 milliard 300 million dollar bo‘lgan 3,5 ming megavattli “yashil” quvvatlarga start berilayotgani bu yo‘ldagi katta qadam bo‘ladi. Yangi quvvatlarni yagona energiya tizimiga bog‘lash uchun yuqori kuchlanishli 6 ming kilometr tarmoqlar tortiladi. Xususan, kelgusi yilning o‘zida 1 ming kilometr tarmoqlar o‘tkazilib, podstansiyalarda 6 ming megavatt qo‘shimcha quvvatlar yaratiladi.
Live
Barchasi