Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziriga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Jamiyat
−
08 Sentabr 2025 7414 1 daqiqa
Feruza Hamidova Rustamovna Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 5 sentyabr kuni Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov rahbarligida markaziy apparat departamenti, boshqarma, bo‘limlar boshliqlari, tizimosti korxona hamda tashkilotlar rahbarlari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.
Vazir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiya loyihalari, ilmiy izlanishlar, transformatsiya va raqamlashtirish jarayonlarining jadal olib borilayotganini qayd etgan.
Yig‘ilishda Feruza Rustamovna Hamidovaning Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani e’lon qilingan. Shuningdek, Omonulla Zabihullayevich Nasriddinxo‘jayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan ushbu lavozimdan ozod etilgan.
Ma’lumot uchun, Feruza Hamidova 2000 yilda Toshkent moliya institutini bitirgan. Bungacha Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Toshkentdagi vakolatxonasini boshqargan va Kombinat boshqaruv raisining iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Shuningdek, u “O‘zsanoatqurilishbank” kuzatuv kengashida bo‘lib, u yerda kredit operatsiyalari departamentiga ham boshchilik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, Alisher Shukrullayevich Boboyev Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.