Topuriya Maxachevni Oq uy jangidan qochganlikda aybladi
Sport
−
18:02 695 2 daqiqa
UFC yengil vazn toifasi chempioni Iliya Topuriya ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 14 iyun kuni Oq uyda o‘tkazilishi rejalashtirilgan turnir oldidan Islom Maxachevni jangdan qochganlikda ayblab, tanqid qildi. Bu haqda Topuriya X sahifasida ma’lum qildi.
Topuriyaning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik jangchi bu safar ham jangdan chetga chiqish uchun bahona topgan – bu gal jarohat. Oqibatda Topuriyaning raqibi sifatida Jastin Geytji oktagonga chiqadigan bo‘ldi.
“Islom yana bir bahona topdi. Bu safar jarohat. Men har doim Oq uyda o‘tkaziladigan tadbirda qatnashishimni bilardim. Nihoyat, ular menga u yerda jang qilishimni aytishganda Islom haqida gapirishdi va men bir soniya ham ikkilanmadim. Ammo uyg‘onganimda Islomning jarohat olganini bildim. Keyin Jastin Geytji paydo bo‘ldi. Yana bir bor Islomning qochishi uchun boshqa birov javob beradi”, deya yozadi Topuriya.
Joriy yilning 9 mart kuni UFC prezidenti Dana Uayt UFC 326 turniridan keyingi matbuot anjumanida Maxachev va Topuriya o‘rtasidagi jang Oq uy uchun rejalashtirilgani haqidagi xabarlarni rad etgandi.
Shuningdek, Uayt Maxachevning haqiqatan ham jarohat olganini tasdiqladi.
“Uning qo‘lida muammo bor. Bu qanchalik jiddiyligini yoki qachon qaytishini aniq bilmayman, ammo u jarohat olgan”, degan edi u.
Joriy yilning 8 mart kuni Oq uyda o‘tkaziladigan tadbir uchun janglar kartasi e’lon qilingan edi. Turnir doirasida oltita jang, jumladan, ikkita chempionlik jangi rejalashtirilgan: yengil vazn toifasida Topuriya va Geytji hamda vaqtinchalik og‘ir vazn chempionligi uchun Siril Gan va Aleks Pereyra o‘rtasidagi jang.
Ma’lumot uchun, Topuriya 2025 yil iyul oyida Maxachev tomonidan bo‘shatilgan chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan.