Toshkent va Farg‘onada “zakladchik”lar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida giyohvandlik vositalarini xaridorlarga yetkazib berish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda poytaxt IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bektemir tumani hududida “zakladka” qo‘yishni rejalashtirgan, Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida doimiy ro‘yxatda turuvchi 1992 yilda tug‘ilgan shaxs ushlanib, uning yonida 6 gr “gashish” va 5 gr “mefedron” giyohvandlik vositalari borligi aniqlangan va tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, u ustachilik qilayotgan Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi yangi qurilayotgan hovli uy ko‘zdan kechirilganda, u yerdan jami 1 kg 700 gr “gashish” va 500 gr “mefedron” ashyoviy dalil sifatida olingan. Shuningdek, uning doimiy istiqomat qiluvchi Zafarobod tumanidagi uyidan ham 800 gr “mefedron” sintetik narkotik moddasi topilgan.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari doirasida uning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Farg‘ona viloyatida qayd etilgan holatda esa Qo‘shtepa tumani tomon harakatlanayotgan Spark rusumli avtotransport vositasi Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Toshloq tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Qo‘shtepa tumanida yashovchi, 2007 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli bolalar sumkasida Qirg‘iziston Respublikasidan keltirilgan 969 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan. Tergovga qadar tekshiruv davomida, uning haqiqiy egasi Farg‘ona shahrida yashovchi, 2006 yilda tug‘ilgan shaxs ekani aniqlanib, u qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara orqali 19 kilogrammdan ortiq gashishni olib o‘tmoqchi bo‘lganlar ushlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

giyohvandlik vositalari zakladchik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing