Toshkentda tirbandlikning oldini olish uchun markaz tuziladi
Jamiyat
−
03 dekabr 4140 3 daqiqa
Toshkent shahrida yagona yo‘l harakatini tashkil etish markazi yaratiladi. Bu haqda bugun, 3 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish choralariga doir taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda poytaxtda jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha ancha ishlar qilingan. Avtobuslar parki ikki barobarga kengaytirilib, ularning umumiy soni 1,9 mingtaga yaqinlashdi, qatnov intervali 30 daqiqadan 15 daqiqaga qisqardi. Natijada avtobuslardan foydalanuvchilarning soni kunlik 1,4 million nafarga yetdi.
Yerosti va yerusti metropoliten liniyalarining umumiy uzunligi 70,5 kilometrga yetkazilib, bekatlar soni 29 tadan 50 tagacha oshdi. Metro bir kunda 900 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Shahar ko‘chalarida harakatni tashkil etishning texnik ishlari ko‘lami kengayib, 2870 ta belgi almashtirildi, 2770 ta yangi belgi va 55 ta svetofor o‘rnatildi.
Shu bilan birga, aholi va transport vositalari sonining o‘sishi, shahardagi iqtisodiy jarayonlar natijasida yo‘l infratuzilmasiga yuklama keskin ortmoqda. Poytaxtning asosiy transport yo‘laklariga bosim 2 barobar ko‘paygani, keyingi yillardagi 7-8 balli tirbandliklar odatiy holga aylangani ko‘rsatib o‘tildi. Jamoat transportidan foydalanish ulushi shaxsiy avtomobillarnikidan kamligicha qolmoqda. Bularning barchasi ekologik holatga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda.
Dunyo amaliyotida yo‘l harakatini boshqarishning eng samarali usuli sifatida intellektual transport tizimi (ITS) keng qo‘llanilmoqda. Mazkur yondashuvga ko‘ra, shaharlarda harakatni o‘z vaqtida nazorat qilish, tahlilini olib borish va rejalashtirish markazlashgan holda amalga oshiriladi.
Taqdimotda shu maqsadda Toshkent shahrida yagona yo‘l harakatini tashkil etish markazini yaratish taklif qilindi. Markaz transport va piyodalar oqimlarini tahlil qilish va modellashtirish, intellektual transport tizimini joriy etish hamda boshqarish, transport master-rejasi va karkasini ishlab chiqish va joriy qilish, elektr quvvatlash infratuzilmasini rivojlantirish, individual harakatlanish vositalaridan foydalanishni rag‘batlantirish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi.
Markaz intellektual transport tizimining operatori hisoblanadi. Mazkur platforma kameralar, datchiklar, GPS vositalari orqali yig‘ilgan ma’lumotlarni, xususan, sun’iy intellektdan foydalangan holda tahlil qilib, tirbandliklar statistikasini yuritish va ularni bashorat qilish, marshrutlarni optimallashtirish, svetofor fazalarini adaptiv tarzda o‘zgartirish, yo‘l-transport hodisalari ro‘y bergan paytda favqulodda xizmatlarni chaqirish kabi imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Tizimning joriy qilinishi natijasida yo‘llarda transport harakatining o‘rtacha vaqti va favqulodda xizmatlarning YTH joyiga yetib kelish vaqti qisqarishi, asosiy yo‘llardagi tirbandliklar hamda yo‘l-transport hodisalari kamayishi kutilmoqda.
Prezident takliflarni ma’qullab, pilot loyihani joriy yilning o‘zidayoq ishga tushirib, kelgusi yillarda uni kengaytirish, 2030 yilga qadar uni hududlar bilan integratsiya qilishni topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 iyul kuni yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida o‘zi rulga o‘tirib, mashina haydaganida tirbandlikda qolganini aytgandi.
Live
Barchasi