Toshkentdagi Amir Temur xiyoboni vaqtincha yopildi
Jamiyat
−
23 mart 3580 1 daqiqa
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida obodonlashtirish ishlari olib borilishi munosabati bilan joriy yilning 23 martidan 7 aprel kuniga qadar (shu kuni ham) Amir Temur xiyoboni hududi vaqtincha yopiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, cheklovlar faqat Maxtumquli, Istiqbol, Sayilgoh ko‘chalari hamda Amir Temur va Mustaqillik shohko‘chalari chegaralarida joylashgan xiyobon maydonining o‘ziga taalluqlidir.
Ishlar davomida piyodalar yo‘laklari qoplamasini ta’mirlash va qisman yangilash, muhandislik kommunikatsiyalari va sug‘orish tizimini modernizatsiya qilish, shuningdek, hududni ko‘kalamzorlashtirish rejalashtirilgan. Yangilanayotgan sug‘orish tizimi suvdan yanada oqilona foydalanishni hamda mavjud yashil maydonlarni yanada samaraliroq sug‘orishni ta’minlaydi.
“Shuni alohida ma’lum qilamizki, olib borilayotgan ishlar doirasida mavjud bo‘lgan birorta ham daraxtga ziyon yetkazilmaydi. Aksincha, qo‘shimcha ko‘chatlar ekish va hududni ko‘kalamzorlashtirishni kuchaytirish ishlari ko‘zda tutilgan”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, tutash ko‘chalarda avtotransport harakati va yo‘l bo‘yida to‘xtab turish imkoniyati odatdagi tartibda saqlanib qoladi.
Belgilangan muddatda xiyobon hududiga olib chiquvchi metro bekatlarining chiqish yo‘llari ham vaqtincha yopiladi.
Live
Barchasi