Toshkent shahri va tutash hududlarda yangi issiqxona tashkil qilish cheklanadi
Jamiyat
−
23 mart 1510 4 daqiqa
Joriy yil 1 oktyabrdan Toshkent shahri va tutash hududlarda yangi issiqxona tashkil etish cheklanadi. Bu haqda bugun, 23 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Atmosfera havosining sifatini yaxshilash, shahar va hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik ta’lim va madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, cho‘llanishga qarshi kurashishning ilmiy va amaliy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar ko‘rib chiqilgan.
Avvalo, “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida rejalashtirilgan ishlar haqida axborot berilgan.
Qayd etilishicha, bugungi kunda Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi belgilangan me’yordan yuqori bo‘lishi holatlari kuzatilmoqda. Bu Navoiy, Farg‘ona, Chirchiq va Termiz shaharlarida ham qayd etilmoqda. Havo ifloslanishining asosiy omillari sifatida sanoatning o‘sishi, uglerod yoqilg‘ilaridan keng foydalanish, transport vositalari sonining ko‘payishi, tabiiy omillar va nazoratning yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu munosabat bilan 2030 yilga qadar atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini qisqartirish, sanoat ob’ektlarida tashlamalarni ushlab qolish ulushini oshirish, transportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish hamda PM2,5 bo‘yicha me’yordan oshish kuzatiladigan kunlar sonini pasaytirish asosiy maqsadlar etib belgilangan.
Amalga oshirilgan tezkor choralar natijasida Toshkent shahrida havo sifati muayyan darajada yaxshilangan. Jumladan, 2026 yil yanvar-fevral oylarida PM2,5 konsentratsiyasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli pasaygan. Endi bu yo‘nalishda hududiy dasturlar bosqichma-bosqich qabul qilinib, har bir viloyatda tahlil va diagnostika, yagona havo monitoringi hamda ifloslanish manbalarini inventarizatsiya qilish ishlari tashkil etiladi.
“Toza havo” loyihasida energetika va sanoat tarmoqlariga alohida e’tibor qaratilgan. Mahsulotining ma’lum qismini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqaradigan korxonalarga soliq imtiyozlari va moliyaviy rag‘batlar berish, avtomatik monitoring stansiyalari, filtrlar, chang-gaz tozalash hamda energiya samarador uskunalarni keng joriy etish ko‘zda tutilgan. Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi sanoat korxonalarida majburiy avtomatik monitoring postlari o‘rnatilib, ularning ma’lumotlari yagona geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi. Bunday talablarga amal qilmagan sub’ektlar uchun kompensatsiya to‘lovlari keskin oshiriladi.
Qurilish sohasida ham ekologik talablar kuchaytiriladi. Yangi quriladigan yirik ob’ektlarni loyihalashtirishda ko‘kalamzorlashtirish darajasini oshirish, qurilish materiallarini yopiq sharoitda saqlash, chiqindilarni maxsus quvur va konteynerlar orqali tushirish, maydonlarni himoya to‘siqlari bilan o‘rash, onlayn kuzatuv kameralarini o‘rnatish kabi talablar belgilanmoqda.
Shuningdek, “shamol yo‘laklari”ni saqlash, ekologik ekspertiza xulosasini qurilish jarayonlarida majburiy hisobga olish, shaharning ekologik va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish taklif etilgan.
Tabiiy chang omillarini kamaytirish bo‘yicha ham aniq choralar belgilangan. Toshkent shahri atrofida “yashil belbog‘” barpo etish, Surxondaryo va Sirdaryoda chang bo‘ronlarining oldini olish uchun “yashil devor”lar tashkil qilish, sun’iy ko‘llar va suv havzalarini barpo etish, poytaxt tumanlarida favvoralarning sonini ko‘paytirish, barglarni kompost va mulcha sifatida qayta ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan. Bularning barchasi havo tarkibidagi chang zarrachalarini kamaytirish va shahar muhitini sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi.
Transport sohasida havoni muhofaza qilish bo‘yicha alohida yo‘nalishlar ham belgilangan. Motor yoqilg‘isi standartlarini bosqichma-bosqich kuchaytirish, avtotransport vositalarini “qizil”, “sariq” va “yashil” stikelarni bergan holda ekologik toifalarga ajratish, texnik ko‘rikni ekologik talablar bilan bog‘lash, eski avtotransportni yangilash dasturlarini amalga oshirish, jamoat transporti ulushini oshirish nazarda tutilmoqda. Bu orqali yo‘l harakati bilan bog‘liq ifloslanish hajmini qisqartirish, ayniqsa, yirik shaharlar markazida havo sifatini yaxshilash maqsad qilingan.
“Toza havo” loyihasining muhim tarkibiy qismi sifatida issiqxonalar masalasi ham muhokama qilingan.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida issiqxona xo‘jaliklari juda ko‘p, ular orasida isitish manbalari sifatida ko‘mir, mazut va nostandart yoqilg‘idan foydalanuvchi issiqxonalar ulushi ham yuqori, ular chiqarayotgan NO2, SO2 va PM2,5 kabi xavfli moddalar havo sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etilgan. Qolaversa, Toshkent hududida yillik quyosh nurlanishi qolgan hududlarga qaraganda nisbatan past bo‘lgani sababli bu yerda issiqxonada mahsulot yetishtirish xarajati ancha baland. Masalan, yanvar oyida Toshkentda o‘rtacha harorat Selsiy bo‘yicha 6 daraja issiq bo‘lsa, Termizda – 10,8 daraja issiq. 1 tonna issiqxona mahsulotini yetishtirish xarajati Toshkent viloyatida 11,9 million so‘mni, Surxondaryoda esa 4,9 million so‘mni tashkil etadi.
Mahsulotlarni insolyatsiya darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda yetishtirish issiqxona xo‘jaliklarining moliyaviy holati uchun ham, ichki bozordagi narx barqarorligi nuqtai nazaridan ham manfaatli hisoblanadi.
Shu bois, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalarni energiya tejamkor va tabiiy-iqlim sharoiti qulay bo‘lgan hududlarga bosqichma-bosqich ko‘chirish taklifi bildirilgan. Xususan, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda agropark tashkil etish rejalashtirilgan. Bu hududda quyosh nurlanishi yuqori, qish nisbatan yumshoq, isitish xarajatlari ancha past bo‘lib, bu mahsulot tannarxini keskin tushirish imkonini beradi.
2026 yil 1 oktyabrdan boshlab Toshkent shahri va unga tutash hududlarda yangi issiqxona tashkil etishni cheklash, shu bilan birga, ko‘chirilayotgan xo‘jaliklarga infratuzilma, kredit va logistika bo‘yicha imtiyozlar berish nazarda tutilmoqda.