Toshkentdagi “kvartira”da narkolaboratoriya tashkil qilganlar qamaldi (video)
3-sahifa
−
27 mart 2533 1 daqiqa
Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi xonadonlardan birida narkolaboratoriya tashkil qilganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan shaxs ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonni ijaraga olib, narkolaboratoriya tashkil etgan. Tezkor tadbir davomida ushbu manzildan umumiy qiymati 4,5 mlrd so‘mga teng bo‘lgan 3,5 kg “Pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi, 20 litr suyuq va 25 kg kukun ko‘rinishidagi prekursorlar, shuningdek, ularni tayyorlash va qadoqlashda foydalaniladigan anjomlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Bundan tashqari, narkolaboratoriyada kimyogar bo‘lib ishlovchi yana bir chinozlik fuqaro ham ushlangan.
Aniqlanishicha, mazkur shaxslar dastlab Telegram messenjeri orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘konda “kladmen” sifatida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tarqatish bilan shug‘ullangan.
Keyinchalik esa jinoiy guruh rahbarlarining ishonchiga kirib, bevosita ajal og‘usini tayyorlashga jalb etishgan.
Holat yuzasidan ularga nisbatan DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatida 26 yoshli fuqaro o‘z uyida narkolaboratoriya tashkil qilgani aniqlangandi.
Live
Barchasi