Toshkentning ayrim hududlari elektrdan vaqtincha uziladi
Jamiyat
−
18 aprel 6193 2 daqiqa
Joriy yilning 18-22 aprel kunlari Toshkent shahrining Olmazor va Yunusobod tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar kuzatiladi. Bu haqda “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MCHJ xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu holat L-DOK-1 va L-DOK-2 yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan bog‘liq. Eskirgan havo tarmoqlari zamonaviy kabel infratuzilmasiga almashtiriladi.
“Ta’mirlash ishlari mavjud kommunikatsiya va elektr tarmoqlarining jismoniy va ma’naviy eskirgani sababli zarur bo‘lmoqda. Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, bu jarayon aynan bahor fasliga – issiq ob-havo va yuqori yuklama davridan avvalgi davrga rejalashtirildi. Bu uzilishlar aholi tomonidan nisbatan yengilroq qabul qilinishiga imkon beradi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, ishlarning sifati, xavfsizligi va tezkorligini ta’minlash, shuningdek yoz mavsumida favqulodda uzilishlarning oldini olish maqsadida quyidagi kuch va vositalar safarbar etiladi:
- maxsus texnika – 39 ta;
- texnika – 20 ta;
- brigadalar – 6 ta;
- xodimlar – 132 nafar;
- 21 672 metr elektr kabeli yangisiga almashtiriladi.
Olmazor tumanida uzilishlar quyidagi mahallalarni qamrab oladi: “Ahil”, “Elparvar”, “Ibrohim ota”, “Gulzor”, “Qorasaroy”, “Oltinsoy”, “Moyariq”, “Miskin”. Shuningdek, mazkur hududlardagi ulgurji va xususiy iste’molchi ob’ektlar ham vaqtinchalik elektr ta’minotidan uziladi.
Yunusobod tumanida esa uzilishlar “Astraobod”, “Turkiston”, “Ming chinor”, “Nurmakon”, “Sobirobod”, “Hamkorobod”, “Katta Hasanboy”, “Sharq haqiqati”, “Registon”, “Yo‘lariq”, “Uch qahramon” mahallalarini qamrab oladi.
Elektr ta’minotidagi uzilishlar har kuni soat 08:00 dan 18:00 gacha, ya’ni tarmoqdagi eng past yuklama vaqtlarida amalga oshiriladi.
Poliklinika, maktab, bog‘cha kabi ijtimoiy soha muassasalari ko‘chma dizel generatorlari orqali barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
Live
Barchasi