Tramp Milliy razvedka rahbari vazifasini ipoteka agentligi rahbariga topshirdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Milliy razvedka direktori vazifasini vaqtincha ko‘chmas mulk sohasidagi tadbirkor Bill Pultega topshirdi. Bu haqda Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida ma’lum qildi.

Tramp kecha, 2 iyun kuni o‘z platformasida Bill Pulte Amerikaning eng nozik masalalarini hal etish, moliya bozorlarining xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash hamda Fannie Mae va Freddie Mac tizimlaridagi 10 trillion dollardan ortiq aktivlarni boshqarish bo‘yicha katta tajribaga ega ekanini ta’kidlagan.

38 yoshli Pulte avval maxsus xizmatlar yoki razvedka tizimida ishlamagan. Shunga qaramay, u doimiy rahbar tayinlanguniga qadar AQSHning 18 ta razvedka idorasi faoliyatini muvofiqlashtirib turadi.

Trampning ma’lum qilishicha, Bill Pulte avvalgi lavozimlarini ham saqlab qoladi. U Tramp Oq uyga qaytganidan keyin 2008 yilgi ipoteka inqirozidan so‘ng tashkil etilgan Federal uy-joy moliyalashtirish agentligi direktori etib tayinlangan edi. Shuningdek, u davlat ipoteka agentliklari — Fannie Mae va Freddie Mac’ga ham rahbarlik qilmoqda.

AQSHning ayrim ommaviy axborot vositalari Pulteni Trampning “jangovar himoyachisi” deb atamoqda. Bunga uning Trampning siyosiy raqiblariga qarshi muntazam chiqishlari sabab bo‘lgan.

Jumladan, u Nyu-York shtati bosh prokurori Letitsiya Jeymsni ipoteka krediti olishda firibgarlik qilganlikda ayblagan. Bu Jeyms Trampga nisbatan tergov boshlaganidan keyin yuz bergan.

Pulte, shuningdek, AQSH Federal zaxira tizimi boshqaruv kengashi a’zosi Liza Kukni ham firibgarlikda ayblagan. Tramp avvalroq uning lavozimidan ketishini talab qilgan edi.

Tulsi Gabbard 22 may kuni Donald Trampga iste’fo arizasini yuborgan. U qarorini turmush o‘rtog‘ining kasalligi bilan izohlagan.

“The Wall Street Journal” nashri ma’lumotiga ko‘ra, Gabbard AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyotlari muhokamalarida ishtirok etmagan. Shuningdek, u ayrim hollarda Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha Tramp ma’muriyatining rasmiy pozitsiyasiga zid bayonotlar bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Milliy razvedka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing