Tramp najot istab Xitoyga yo‘l oldi (video)

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Si Szinpin bilan uchrashish uchun Xitoy Xalq Respublikasiga yo‘l oldi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar qildi.

Tramp va Si Szinpin o‘rtasida 14-15 may kunlariga belgilangan Pekindagi uchrashuv katta tantana bilan o‘tishi rejalashtirilgan. Xalq yig‘inlari zalida sammit, “Osmon ibodatxonasi” bo‘ylab sayohat va davlat ziyofati rejalashtirilgan. Biroq, iqtisodiy natijalar faqatgina kelajakdagi savdoni boshqarish mexanizmlari bilan cheklanishi mumkin.

Trampga bu safar Ilon Mask (Tesla) va Tim Kuk (Apple) kabi yirik tadbirkorlar hamrohlik qilmoqda, ammo delegatsiya tarkibi 2017 yildagiga qaraganda ancha kichik. Trampning o‘zi savdodan tashqari Tayvanga qurol sotish va qamoqdagi media-magnat Jimmi Lay masalasini ham ko‘tarmoqchi ekanini aytgan.

“Hozir Xitoy bilan ishlarimiz a’lo. Men uni (Si Szinpinni) juda hurmat qilaman va u ham meni hurmat qiladi deb umid qilaman”, degan AQSH Prezidenti.

Manbada ta’kidlanishicha, bir yil avval AQSH Prezidenti Donald Tramp yuqori bojxona tariflari Amerikaning asosiy iqtisodiy raqibini tiz cho‘ktirishini bashorat qilgan edi. Biroq, endi u Pekinga ancha pasaygan ambitsiyalar bilan yo‘l olgan. Siyosiy tahlilchilarning fikricha, Trampning maqsadlari endilikda faqat loviya, go‘sht va Boeing samolyotlari bo‘yicha bir nechta kelishuvlarga erishish hamda Xitoydan xalq o‘rtasida obro‘sizlanib borayotgan Eron urushini hal qilishda yordam so‘rash bilan cheklangan.

“Hozir Trampga Xitoy ko‘proq kerak. Unga tashqi siyosiy g‘alaba zarur. Bu g‘alaba uning nafaqat global siyosatni izdan chiqaruvchi, balki dunyoda barqarorlikni ta’minlashga intilayotgan shaxs ekanini ko‘rsatishi kerak”, deb vaziyatni baholagan Gongkong universiteti professori, Xitoy tashqi siyosati bo‘yicha mutaxassis Alexandro Reyes.

Eron va Tayvan: Murakkab savdo

Trampning Eron bilan urushi Yaqin Sharqni tartibsizlikka uloqtirdi va global energiya inqirozini keltirib chiqardi. “Reuters/Ipsos” so‘rovnomasiga ko‘ra, amerikaliklarning 60 foizidan ko‘prog‘i bu urushni yoqlamagan. Endi Tramp Xitoydan Tehronni Vashington bilan kelishishga ko‘ndirishni so‘ramoqda. Nashrga ko‘ra, Pekin buning evaziga nimadir xohlaydi va Si Szinpin kun tartibining eng yuqori pog‘onasida Tayvan masalasidir. Shanxaydagi Fudan universiteti professori U Sinboning fikricha, Tramp Xitoyga aniq kafolat berishi kerak.

“Tramp Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamasligini yoki separatistik siyosiy kuchlarni rag‘batlantiradigan harakatlar qilmasligini aniq bildirishi lozim”, degan u.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Xitoy Tramp Si Tszin'pin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing