Trampning odami Daniyani Grenlandiyani bosib olishda aybladi
Olam
−
16:30 1641 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning Grenlandiya bo‘yicha maxsus elchisi Jeff Lendri Daniyani dunyodagi eng katta orolni bosib olganlikda aybladi. Uning aytishicha, Daniya o‘tmishda BMT protokollarini e’tiborsiz qoldirgan. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
“Tarix muhim. AQSH Ikkinchi jahon urushi davrida Daniya bunga qodir bo‘lmagan paytda Grenlandiya suverenitetini himoya qilgan. Urushdan so‘ng esa Daniya BMT protokollarini chetlab o‘tib va e’tiborsiz qoldirib, uni qayta okkupatsiya qildi. Bu masalada dushmanlik emas, balki mehmondo‘stlik haqida gap bo‘lishi kerak”, deydi Lendri.
Bungacha Donald Tramp “The Atlantic” nashriga bergan intervyusida Venesueladagi harbiy operatsiya mavzusiga to‘xtalar ekan, AQSHga Grenlandiyani nazorat qilish “zarur” ekanini aytgandi. AQSH Prezidentining orol haqidagi bu bayonotlari Daniya va Germaniyada tanqid qilindi. U yerda ittifoqchi tomonidan bunday gaplar aytilishi mumkin emasligi haqida bayonotlar berildi.
Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen Trampni tahdidlar bilan chiqishda aybladi. Keyinroq Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen Trampning orolga bo‘lgan da’volariga munosabat bildirib, grenlandiyaliklar muloqotga ochiq ekanini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqining Tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas AQSH tomonidan Grenlandiya bosib olinishi ehtimoli yuzasidan YeI davlatlari ehtimoliy choralarni muhokama qilganini ma’lum qilgandi. Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni esa AQSH Grenlandiyani bosib olishi ehtimoliga ishonmasligini aytdi.