AQSH ISHIDga yana zarbalar berdi
Olam
−
11 yanvar 4666 2 daqiqa
AQSH Suriyada ISHIDga qarshi hujumlar chog‘ida 20 dan ortiq qiruvchi samolyotni ishga solib, 35 dan ortiq nishon bo‘yicha 90 dan ziyod o‘q-dorilarni qo‘lladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
AQSHning Suriyadagi harbiy amaliyoti davomida “Islomiy davlat” (ISHID) bilan bog‘liq 35 dan ortiq nishon bo‘yicha 90 dan ortiq yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar qo‘llangan.
Zarbalarda o‘ndan ortiq harbiy samolyotlar ishtirok etgan. Rasmiy vakilning qo‘shimcha qilishicha, hujumlarda F-15E, A-10, AC-130J, MQ-9 rusumidagi samolyotlar, shuningdek Iordaniyaga tegishli F-16 qiruvchilari ham qatnashgan.
Ushbu zarbalar haqida AQSH Markaziy qo‘mondonligi matbuot xizmati xabar bergan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar kecha, 10-yanvar kuni Sharqiy vaqt bilan soat 12:30 da amalga oshirilgan.
Pit Hegsetning aytishicha, zarbalar 13 dekabr kuni Palmira shahrida ISHID jangarisi tomonidan Suriya xavfsizlik kuchlari va AQSH harbiylarining qo‘shma patruliga uyushtirilgan hujumga javob bo‘lgan. O‘shanda ikki nafar AQSH harbiysi, amerikalik fuqaro bo‘lgan tarjimon va ikki nafar suriyalik halok bo‘lgan, yana uch amerikalik harbiy yaralangan. Patrulga uyushtirilgan hujumni yolg‘iz jangari amalga oshirgani, u qarshi o‘t ochish chog‘ida yo‘q qilingani xabar qilingan.
Pentagonning rasmiy vakili Shon Parnellning aytishicha, halok bo‘lgan harbiylar ushbu mintaqada ISHIDni ham o‘z ichiga olgan terrorchi guruhlarga qarshi yo‘naltirilgan operatsiyada ishtirok etgan. Pit Hegset esa hujumni amalga oshirgan shaxs ittifoqchi kuchlar tomonidan yo‘q qilinganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ham ISHIDga hujum uchun “juda jiddiy” javob bo‘lishini va’da qilgan, shuningdek, Vashington Damashq bilan aloqada ekani, Suriya tomoni AQSHning javob choralariga to‘sqinlik qilmasligini bildirgan edi.