To‘qayev BMTni tubdan isloh qilish zarurligini aytdi

Olam

image

BMTda ham, boshqa tuzilmalarda ham tinchlikni saqlashning butun jarayoni buzilgan. Tashkilotni tubdan isloh qilish zarur. Bu haqda bugun, 17 aprel kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Turkiyadagi diplomatik forumda gapirdi. 

“Tashkilot bundan 80 yil avval tuzilgan va uning eskirgani, hatto tanazzulga yuz tutganini aytayotganlar haqdir. Biz BMT Nizomi mazmuniga e’tibor qaratishimiz kerak, unda hali ham “dushman davlatlar” deb ataluvchi tushunchalar mavjud. Ha, 80 yil avval hamma narsa aniq edi. Bugun esa o‘sha “dushman davlatlar” tashkilotni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishda, tinchlikni saqlash jarayonlarida o‘ta muhim rol o‘ynamoqda. Eng asosiysi – BMTning samaradorligi va nufuzini oshirishdir”, deydi To‘qayev.

Shundan so‘ng u mojarolarning oldini olishda preventiv (oldini oluvchi) diplomatiyaning muhim o‘rniga to‘xtalgan.

“Bu masala ko‘p yillardan beri, kamida oxirgi 30 yildan beri muhokama qilinmoqda. Ammo juda chiroyli nutqlar va deklaratsiyalardan boshqa hech narsa sodir bo‘lmayapti. Menimcha, biz mintaqaviy yoki global mojarolarni prognoz qilish choralariga e’tibor qaratishimiz kerak, preventiv diplomatiya aynan shudir. Shu bilan birga, samarali ko‘p tomonlama diplomatiyani qo‘llab-quvvatlash uchun kuchlarni birlashtirishimiz zarur”, deydi Qozog‘iston rahbari.

Shimoliy Makedoniya Prezidenti Gordana Silyanovska-Davkova munozara davomida Qosim-Jomart To‘qayevning BMT ishida preventiv diplomatiyaga alohida e’tibor qaratish zarurligi haqidagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan.

To‘qayev, shuningdek, BMT rolining pasayishidan xavotir bildirgan.

“Biz mintaqaviy va global mojarolar haqida gapiramiz, lekin barcha asosiy muzokaralar BMT va boshqa yirik xalqaro tuzilmalardan tashqarida o‘tayotganini sezish mumkin. Odamlar BMT devorlari ichida emas, balki ma’lum poytaxtlarda, alohida konferensiya zallarida uchrashishmoqda. Biz BMT yuqori vakillarining bu mojarolarda vositachilik qilayotganini ko‘rmayapmiz. Bu jiddiy muammo. Hozir hamma BMTning keyingi Bosh kotibi kim bo‘lishini muhokama qilmoqda. Menimcha, bu u qadar muhim emas. Eng asosiysi – butun tizim hozirgi ko‘rinishida omon qoladimi yoki yo‘q”, dedi u.

Qosim-Jomart To‘qayev sun’iy intellektning xalqaro tashkilotlar faoliyatiga ta’sirini o‘rganishga chaqirgan va global tashkilotni tubdan isloh qilish zarurligini ta’kidlagan.

“Bu juda g‘alati va balki bema’ni tuyulishi mumkin, lekin aynan Xavfsizlik Kengashi eng muhim xalqaro masalalarning hal etilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Diplomatlar yoki siyosatchilar boshqa maydonlar doirasida muzokara olib borishga majbur. Aytgancha, bu muammoni o‘tgan yilning sentyabr oyida Bosh Assambleya sessiyasida Prezident Donald Tramp juda ta’sirli tarzda tilga olgan edi va men unga to‘liq qo‘shilaman. U BMT shtab-kvartirasidagi ishlamayotgan telesuflyor va eskalatorni tanqid qilib, BMTda hamma narsa buzilganini aytgandi. Ammo eng jiddiy muammo shundaki, BMTda ham, boshqa tuzilmalarda ham tinchlikni saqlashning butun jarayoni buzilgan”, deydi Qozog‘iston rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq To‘qayev BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilish, unda ko‘proq davlatlarga vakillik berish zarurligini aytgandi. Uning fikricha, butun dunyo uchun muhim qarorlar faqat bir nechta davlat tomonidan qabul qilinmasligi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing