To‘qayev Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi

Olam

image

Bugun, 14 aprel kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Buxoroga tashrif chog‘ida ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va samimiyat uchun minnatdorlik maktubini yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi. 

“Nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun jahon sivilizatsiyasi durdonasi bo‘lgan qadimiy Buxoro shahriga amaliy tashrifim chog‘ida ko‘rsatgan alohida mehmondo‘stlik va samimiyat uchun cizga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

O‘zbekiston bu bebaho boylikni asrab-avaylab, boyitib, buyuk o‘tmishni zamonaviy ehtiyojlar bilan uyg‘unlashtirib kelayotgani meni hayratga soldi. Buxoroning bugungi go‘zal qiyofasi sizning Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan oqilona va bunyodkorona siyosatingiz yuksak samaradorligining yaqqol ifodasidir”, deyiladi maktubda.

Shuningdek, To‘qayev puxta o‘ylangan tadbirlarga boy tashrif o‘zi, shubhasiz, foydali bo‘lganini qayd etgan. 

“Nazarimda, Buxorodagi bir kunlik muzokaralar uzoq muddatli siyosiy samarasi jihatidan rasmiy tashrifdan aslo qolishmaydi. Uchrashuvimiz Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni yanada mustahkamlash uchun yangi ufqlarni ochdi, davlatlararo strategik hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi”, deydi Qozog‘iston Prezidenti.

Shu bilan birga, u Ostonaga qaytgach, erishilgan va tasdiqlangan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekistonning turli sohalardagi foydali tajribasini hisobga olish bo‘yicha aniq topshiriqlar berganini bildirgan. 

“Toza havo” qo‘shma tashabbusiga alohida ahamiyat beraman”, deydi To‘qayev o‘z maktubida.

Bundan tashqari, Qozog‘iston yetakchisi qo‘yilgan vazifalarning sifatli bajarilishi Qozog‘iston – O‘zbekiston strategik sherikligi va ittifoqchiligini yangi cho‘qqilarga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.

“Qozog‘iston uchun katta madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv materiallarini taqdim etganingiz uchun alohida minnatdorlik bildiraman. Bu harakat sizning bag‘rikengligingiz va qozoq xalqiga bo‘lgan iliq munosabatingiz, qardosh mamlakatlarimiz tarixini munosib e’tirof etishingizdan dalolat beradi.

Hurmatli Shavkat Miromonovich! Sizga va oilangizga chin qalbimdan sihat-salomatlik va baxt-saodat, Qozog‘istonning abadiy do‘sti, ittifoqchisi va strategik sherigi bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishda yangi muvaffaqiyatlar tilayman”, deydi Qosim-Jomart To‘qayev.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev amaliy tashrif bilan mamlakatga kelgandi. Uchrashuv doirasida To‘qayev Shavkat  Mirziyoyev bilan birgalikda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. Shundan so‘ng Prezidentlar O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, ikki mamlakat yetakchilari Buxoro viloyati hokimligi situatsion markazi faoliyati bilan tanishdi. U yerda Shavkat Mirziyoyev To‘qayevga noyob arxiv materiallari nusxalarini hadya qildi. Uchrashuv so‘ngida ular Buxoroning dunyoga mashhur yodgorliklari – Ark qo‘rg‘oni, Poi Kalon va Labi Hovuz ansambllarini ziyorat qildi va shu bilan Qosim-Jomart To‘qayevning O‘zbekistonga amaliy tashrifi yakunlandi.  


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Shavkat Mirziyoev O'zbekiston maktub Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing