Turkiyadagi noqonuniy migrantlar: o‘zbekistonliklar antireyting yetakchilaridan
3-sahifa
−
27 fevral 2753 2 daqiqa
Turkiya Ichki ishlar vazirligining Migratsiya boshqarmasi mamlakatda qo‘lga olingan noqonuniy migrantlar soni bo‘yicha statistik ma’lumotlarni e’lon qildi. Unda O‘zbekiston Afg‘oniston va Suriyadan keyin uchinchi o‘rinni band etdi. Bu haqda Migratsiya boshqarmasi saytida e’lon qilingan hisobotda keltirilgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi yillarda eng ko‘p ushlangan noqonuniy migrantlar orasida Afg‘oniston fuqarolari yetakchilik qilgan. 2024 yilda 66 815 afg‘onistonlik qo‘lga olingan bo‘lsa, 2025 yilda 44 157 nafarni tashkil etgan. 2026 yil boshidan buyon bu ko‘rsatkich 5 372 nafarga yetgan.
Shuningdek, mazkur holat bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Suriya fuqarolari o‘rin olgan. 2024 yilda 50 641 nafar noqonuniy migrant qayd etilgan bo‘lsa, 2025 yilda 22 515 nafar Suriya fuqarosi qo‘lga olingan. Joriy yil boshidan hozirga qadar esa ushbu raqam 2 361 nafarni tashkil etgan.
Uchinchi o‘rinni esa o‘zbekistonlik noqonuniy migrantlar egallagan. 2024 yilda 11 521 nafarni tashkil etgan raqamlar 2025 yil so‘ngida 13 685 nafarga yetgan. Bu 2024 yilga nisbatan 18,8 foizga ko‘p degani. 2026 yil 19 fevral holatiga ko‘ra, 1 437 nafar O‘zbekiston fuqarosi ushlangan.
Bundan tashqari, Turkmaniston, Eron, Iroq, Misr, Sudan va Jazoir fuqarolari ham statistikada qayd etilgan. 2026 yil boshidan buyon Turkmaniston fuqarolaridan 1 354 nafar, Eron fuqarolaridan 1 143 nafar, Iroq fuqarolaridan 640 nafar, Misr va Marokash fuqarolaridan 437 nafardan, Sudan fuqarolaridan 358 nafar hamda Jazoir fuqarolaridan 285 nafar shaxs qo‘lga olingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yildan keyin noqonuniy migrantlar bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichlarda bosqichma-bosqich pasayish kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada xorijlik kelinlar va kuyovlarning 2025 yilga oid statistikasi e’lon qilingan. Unda o‘zbekistonlik kelinlar 13,7 foiz ko‘rsatkich bilan suriyaliklardan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallagan.