Turkmanistonda yangi banknota muomalaga kiritildi

Olam

image

Bugun, 1 dekabrdan boshlab Turkmaniston Markaziy banki 200 manatlik kupyurani muomalaga kiritdi. Bu haqda “Turkmen portal” xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi banknotaning muomalaga chiqarilishi Turkmaniston betaraflik maqomini olganining 30 yilligiga bag‘ishlangan. Kupyura polimer materialdan tayyorlangan. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, uning old tomonida Arqadag‘ monumenti, orqa tomonida esa Arqadag‘ shahri hokimligi binosi tasvirlangan.

Shu bilan bir vaqtda 1, 5 va 10 manatlik yangilangan polimer banknotalar ham muomalaga kiritilgan. Umuman olganda ularning rangi va dizayni saqlab qolingan, biroq 2025 yilni Turkmaniston hukumati “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilgani sababli yangi belgi qo‘shilgan.

Qayd etilishicha, yangi kupyuralarning asosiy xususiyatlari – ularning soxtalashtirishdan yuqori darajada himoyalangani va tashqi ta’sirlarga, ya’ni ifloslanish, eskirish, shikastlanish va boshqa omillarga nisbatan chidamliligi hisoblanadi. Shuningdek, himoya elementlari kuchaytirilgan va kupyuraning haqiqiyligini tasdiqlovchi vizual belgilar yaxshilangan. 2009, 2012, 2014, 2017 va 2020 yillardagi barcha banknotalar Turkmaniston hududida qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib qoladi.

Ma’lumot uchun, turkman manatining rasmiy kursi ko‘p yillardan beri bir dollar uchun 3,5 manat darajasida ushlab kelinadi. Qora bozor yoki haqiqiy kurs esa bir dollar uchun 19-20 manatni tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonda mamlakatning milliy valyutasi somoni joriy etilganining 25 yilligiga bag‘ishlab 100 somonilik yubiley banknotalar muomalaga chiqarilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

kupyura Turkmaniston banknota

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing