Saida Mirziyoyeva Avazada xalqaro konferensiyada qatnashdi
Jamiyat
−
10 dekabr 5876 1 daqiqa
Bugun, 10 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Turkmanistonning Avaza shahrida “Zamonaviy jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Avazada “Zamonaviy jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiyada teng huquqlilik va xotin-qizlar hissasining muhimligi g‘oyalari chuqur tarixiy ildizlarga ega ekani haqidagi fikrlarim bilan o‘rtoqlashdim. O‘zbekistonda xotin-qizlarning ta’lim, tadbirkorlik sohalarida imkoniyatlarini kengaytirish va huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdim”, deb yozdi Mirziyoyeva.


Uning bildirishicha, konferensiyada xotin-qizlar huquqlarini hurmat qilish, bunda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va hamjihatlik muhimligini qayd etgan.


“Ishonamanki, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan har bir ayol o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yarata olamiz”, deydi Prezident Administratsiyasi rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva Qohirada Misr bosh imomi, “Al-Azhar” majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Tayyib bilan uchrashgandi. Kecha, 9 dekabr kuni u Qohirada Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” mukofoti hay’ati yig‘ilishi doirasida eng qadimiy masjidlardan birini ziyorat qildi.