Latviya Rossiya va Belarus bilan savdoni to‘xtatmoqchi
Olam
−
18:35 975 2 daqiqa
Latviya Bosh vaziri Andris Kulbergs mamlakat Rossiya va Belarus bilan iqtisodiy aloqalarni to‘liq to‘xtatishi kerakligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U bu haqda kecha, 2 iyun kuni bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi.
Kulbergsning aytishicha, bu ikki davlat bilan savdo aloqalari “keraksiz qaramlik” bo‘lib, mamlakat xavfsizligi va iqtisodiy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Bosh vazir ayrim istisnolar qo‘llanilishi mumkinligini ham ta’kidlagan. Xususan, farmatsevtika sohasiga nisbatan eksport cheklovlari to‘liq tatbiq etilmasligi ehtimoli bor. Kulbergsning fikricha, bu tarmoqni bir xil mezon bilan baholab bo‘lmaydi, chunki farmatsevtika korxonalari Latviyaning muhim ishlab chiqarish salohiyatiga ega bo‘lib, ular qisqa vaqt ichida boshqa bozorlarga to‘liq o‘ta olmaydi. Shu bilan birga, bu istisnolar faqat farmatsevtikaga tegishlimi yoki boshqa sohalarni ham qamrab oladimi, hozircha aniq emas.
“Latviyada farmatsevtika korxonalari ishlab chiqarish quvvati va tajribaga ega bo‘lgan muhim kompaniyalar. Ular bizning mudofaamiz uchun ham juda muhim va bu imkoniyatlar himoya qilinishi kerak”, deydi Bosh vazir.
Tashqi ishlar vaziri Baiba Brajega bu masalani Yevropa Ittifoqi bilan kelishib, birga yechim topishni buyurgan, chunki Latviya bu ishni yolg‘iz emas, YeI bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
“Bu masalaga xavfsizlik nuqtai nazaridan qaralmoqda. Bu “qora yoki oq” masala bo‘la olmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Kulbergs.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Latviya Transport vazirligi Rossiya va Belarusga barcha avtobus qatnovlarini, shuningdek, mamlakat hududi orqali tranzit tashishni taqiqlovchi tuzatishlarni ishlab chiqqanligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi