Ukraina Rossiyaga qarshi maxfiy reja tayyorlamoqda – OAV
Olam
−
14:54 3993 2 daqiqa
Ukraina va Yevropa Rossiya kelajakda tuzilishi mumkin bo‘lgan sulhni buzgan taqdirda qanday choralar ko‘rilishini belgilovchi aniq reja ishlab chiqqan. Unda harbiy kuch qo‘llash muddati ham ko‘zda tutilgan. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, harbiy reja Ukraina tomonidan G‘arbdagi hamkorlar bilan allaqachon kelishib olingan. Biroq, hozircha bu borada rasmiy tasdiq yo‘q, faqat gazeta manbalarining ichki ma’lumotlari mavjud.
Rejaga ko‘ra, Rossiya tomonidan sulhning har qanday buzilishiga 24 soat ichida javob qaytarilishi kerak. Birinchi bosqichda diplomatik ogohlantirish nazarda tutilgan bo‘lib, zarurat tug‘ilsa, undan keyin Ukraina armiyasining aralashuvi amalga oshiriladi.
Agar jangovar harakatlar davom etsa, ikkinchi bosqichda Yevropa Ittifoqining ko‘plab davlatlari, Buyuk Britaniya va Turkiyani o‘z ichiga olgan “ko‘ngillilar koalitsiyasi” deb ataluvchi tuzilma ishga tushishi kerak.
Rossiyaning hujumi kengaygan taqdirda esa, birinchi buzilishdan keyin 72 soatdan kechiktirmay AQSH Qurolli kuchlari ishtirokida muvofiqlashtirilgan javob choralari ko‘rilishi rejalashtirilgan.
Xabarga ko‘ra, ushbu ko‘p bosqichli reja dekabr va yanvar oylarida Ukraina, Yevropa va AQSH vakillari tomonidan bir necha bor muhokama qilingan.
Bungacha Oq uy rahbari Donald Tramp jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Ukrainadagi mojaroni tartibga solish masalalarida ishlar juda yaxshi ketayotganini aytgan. Ukraina bo‘yicha uch tomonlama muzokaralarning navbatdagi raundi joriy yilning 4-5 fevral kunlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya dronlari Ukrainaning Pavlograd tumanidagi energetika korxonasi xodimlarini olib ketayotgan avtobusga zarba bergani, oqibatda 12 nafar xodim halok bo‘lgani va yana 16 kishi jarohatlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi