O‘ta og‘ir jinoyatlarni jamoatchilik ishtirokida ko‘rib chiqish boshlanadi
Jamiyat
−
19 fevral 2296 3 daqiqa
O‘ta og‘ir jinoyatlarni jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqish Toshkent shahri va viloyatidan boshlanadi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 16 fevral kungi farmoni bilan tasdiqlangan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturida so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, 2026 yil noyabrdan boshlab birinchi bosqichda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘ta og‘ir jinoyatlarni xalq vakillari hay’ati ishtirokida ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi (tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar bundan mustasno).
Shuningdek, mazkur hujjatda jinoyat ishlarida xalqaro tan olingan Xeabes korpus instituti doirasida tergov sudyalariga qamoqqa olish, uy qamog‘i tarzidagi va boshqa ehtiyot choralarini o‘zgartirish va bekor qilish vakolati berilishi belgilangan. Buning natijasida jinoyat protsessida majburlov choralari qo‘llanilishi, inson huquqlariga rioya etilishi ustidan sud nazorati kuchaytirilib, respublikadagi barcha tergov sudyalari vakolatlari kengaytiriladi.
Advokatlarning himoya va nazorat huquqlari kengaytiriladi
Bundan tashqari, 2026 yil 1 iyundan boshlab jinoyat ishini sudga yuborishda ayblov xulosasi bilan birga “himoya fikri”ni taqdim etish tartibi joriy etiladi. Buning natijasida 7 mingdan ortiq advokatlar uchun jinoyat protsessida himoya ostidagi shaxslarning huquqlarini ishonchli himoya qilishdagi qonuniy vakolatlari kengaytiriladi.
Jinoyat ishida himoyachiga o‘z himoyasi ostidagi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki jabrlanuvchi ishtirokida o‘tkazilgan protsessual harakatlarga oid hujjatlar hamda dalillar bilan tanishib, undan nusxalar olish, surishtiruv, dastlabki tergov davomida istalgan vaqtda o‘z himoyasi ostidagi gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchiga nisbatan yuritilayotgan jinoyat ishini qo‘zg‘atish, tugatish haqidagi qarorlardan nusxa olish vakolatlarini berish joriy qilinadi.
Qayd etilishicha, advokatlar so‘roviga ma’lumotlar bepul taqdim etilishi, shuningdek, notarial harakatlar va kadastr organlaridan olinadigan ma’lumotlarni advokat so‘rovi orqali olish tartibi joriy etiladi.
O‘zbekistonda Sudyalar intizomiy hay’ati tashkil etish ham rejalashtirilmoqda. Sudyalar mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlash borasida yangi hay’atni tashkil etish orqali sudyaga nisbatan intizomiy jazo qo‘llashning xolis tartibi yaratiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil dekabrida Oliy Majlis va xalqqa qilgan murojaatnomasida sud tizimini xalqqa yaqinlashtirish ishlari davom ettirilishini aytgandi. Odil sudlovda jamoatchilik ishtirokining oshirilishi va jinoyat protsessiga ingliz huquqi qo‘llanilib, ijobiy natija bergan “Xalq vakillari hay’ati” institutini bosqichma-bosqich joriy etishni ma’lum qilgandi. Davlat rahbari o‘z nutqida o‘ta og‘ir va jamiyatda shov-shuvga sabab bo‘layotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi sud hukmining yanada adolatli bo‘lishiga xizmat qilishini aytgan edi.
“Xalq vakillari hay’ati” – bu ingliz huquq tizimidan olingan jyuri konsepsiyasi. Hay’at oddiy fuqarolardan iborat bo‘lib, sud ishlarida aybdorlik yoki aybsizlikni aniqlaydi va dalillarni baholaydi. Shu orqali sud jarayoni adolatli va shaffof bo‘ladi. Bunday tizim Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyada keng qo‘llanadi.
Eslatib o‘tamiz, 16 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026 yil uchun mo‘ljallangan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqlagani haqida xabar berilgan edi.
E’zoza Olimova
Live
Barchasi