O‘zbekiston elchisi Nepal Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Jamiyat
−
13 dekabr 697 2 daqiqa
O‘zbekistonning Nepaldagi birinchi elchisi (qarorgohi Dehli shahrida) Sardor Rustamboyev ushbu mamlakat Prezidenti Ram Chandra Paudelga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Nepal rahbari O‘zbekistonning birinchi elchisi tayinlangani uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Toshkent bilan ko‘p qirrali aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilgan.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratilgan. Nepal tomoni gidroenergetika, turizm va ta’lim kabi sohalarda o‘zaro aloqalar uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirgan.
Prezident Ram Chandra Paudel xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etgan. U global iqlim o‘zgarishi va tog‘lar ekologiyasi kabi dolzarb masalalar bo‘yicha birgalikda ishlashga bo‘lgan o‘zaro qiziqishga e’tibor qaratgan.
Suhbat yakunida Ram Chandra Paudel Nepalning uzoq muddatli do‘stona sheriklikka sodiqligini tasdiqlagan va O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Nepal o‘rtasida diplomatik munosabatlar 2018 yil 26 yanvar kuni o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning yangi elchisi Sardor Rustamboyev Dehlida 2024 yilning yanvar oyida o‘z faoliyatini boshlagan. Bundan oldin u O‘zbekistonning Fransiya va Portugaliyadagi diplomatik vakolatxonasiga rahbarlik qilgan.