O‘zbekiston Qahramoni Abduraim Xomidov vafot etdi
Jamiyat
−
10 dekabr 9429 1 daqiqa
O‘zbekiston Qahramoni, umrini qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga bag‘ishlagan fidoiy inson Abduraim Xomidov 82 yoshida vafot etdi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Abduraim Xomidov 1943 yilda Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan va mehnat faoliyatini 1960 yilda tumandagi “O‘zbekiston” jamoa xo‘jaligida mexanizatorlikdan boshlagan. So‘ngra shirkat xo‘jaligi pudratchisi, 2007 yildan uzoq yillar mobaynida “Shahand humo qushi” fermer xo‘jaligi rahbari sifatida samarali mehnat qilgan. 2017 yildan beri mehnat faxriysi bo‘lgan.
Xomidov fermerlik harakatining fidoiy vakili, tashabbuskori sifatida paxtadan yuqori hosil olish bo‘yicha o‘ziga xos namuna maktabini yaratgan. 1993 yilda O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i, 2001 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 2004 yilda esa Davlatning oliy nishoni - “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangandi.
Shuningdek, u Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati sifatida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush sharoitini yaxshilashga munosib hissa qo‘shgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq pulmonolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi Abdulla Ubaydullayev Muharramovich 91 yoshida vafot etgandi.
Live
Barchasi