O‘zbekiston urbanizatsiya darajasi bo‘yicha Qozog‘istondan o‘zib ketadi – BMT
Bu qiziq
−
21 yanvar 6740 3 daqiqa
2050 yilga borib O‘zbekiston urbanizatsiya darajasi bo‘yicha Qozog‘istondan o‘zib ketadi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Jahon urbanizatsiya istiqbollari 2025” hisobotida keltirilgan.
Unga ko‘ra, so‘nggi 75 yil ichida dunyoda urbanizatsiya darajasi sezilarli darajada oshgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, XX asr o‘rtalarida dunyo aholisining qariyb atigi 20 foizi yirik shaharlarda yashagan, kichik va o‘rta shaharlar hamda qishloq hududlariga esa 40 foizdan to‘g‘ri kelgan. 2025 yilga kelib yirik shaharlarda yashovchi aholi ulushi 44,8 foizga yetdi, 2050 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 48,3 foizgacha oshishi prognoz qilinmoqda. Kichik va o‘rta shaharlarda yashovchi aholi ulushi 35,6 foizgacha qisqargan, 2050 yilga borib esa 34,6 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Qishloq aholisi ulushi allaqachon dunyo aholisining beshdan bir qismidan kam: 2025 yilda – 19,6 foiz. 2050 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 17,1 foizgacha tushishi prognoz qilinmoqda.
2025 yilda dunyo mintaqalari orasida urbanizatsiya darajasi eng yuqori bo‘lgan hudud Janubiy Amerika bo‘lib, u yerda aholining 54 foizi yirik shaharlarda yashagan. Undan keyingi o‘rinlarda Osiyo (46,1 foiz), Afrika (41,1 foiz), Yevropa (40,4 foiz), Avstraliya-Okeaniya (38,2 foiz) va Shimoliy Amerika (36,8 foiz) joylashgan.
Qishloq aholisi ulushi eng past bo‘lgan mintaqa Osiyo bo‘lib, bu yerda u 15,4 foizni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Janubiy va Shimoliy Amerika turadi: mos ravishda 20,8 va 25,4 foiz. Qishloq aholisi ulushi eng yuqori bo‘lgan hudud Okeaniya va Avstraliya bo‘lib, u yerda bu ko‘rsatkich 29,2 foizni tashkil etgan. Shundan keyin kichik farq bilan Yevropa va Afrika keladi — mos ravishda 27 va 26,9 foiz.
Markaziy Osiyoda 2025 yilda yirik shaharlarda yashovchi aholi ulushi 41,1 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich kichik va o‘rta shaharlardagi aholi ulushidan (41,6 foiz) biroz kam. Qishloq aholisi ulushi 17,3 foizni tashkil etgan. Mintaqa davlatlari orasida urbanizatsiya darajasi eng yuqori bo‘lgan mamlakat Qozog‘iston bo‘lib, aholining 45,3 foizi yirik shaharlarda yashagan. Kichik va o‘rta shaharlarda 32,2 foiz aholi istiqomat qilgan. Qishloq aholisi ulushi 22,4 foiz bo‘lib, bu mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi: undan yuqori ulush faqat Qirg‘izistonda qayd etilgan (23,1 foiz).
Urbanizatsiya darajasi bo‘yicha mintaqada ikkinchi o‘rinni O‘zbekiston egallagan: mamlakat aholisining 43,8 foizi yirik shaharlarda, 43,4 foizi esa kichik va o‘rta shaharlarda yashagan. Shu bilan birga, O‘zbekistonda qishloq aholisi ulushi Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng past bo‘lgan – 12,8 foiz.
Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda yirik shaharlarda yashovchi aholi ulushi 32,5 foizdan 35,5 foizgacha bo‘lgan oraliqda o‘zgarib turgan.
BMT prognoziga ko‘ra, 2050 yilga borib O‘zbekiston urbanizatsiya darajasi bo‘yicha Qozog‘istondan o‘zib ketadi: O‘zbekistonda yirik shaharlarda aholining 54,6 foizi yashaydi, Qozog‘istonda esa bu ko‘rsatkich 51 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda mintaqadagi eng past qishloq aholisi ulushi saqlanib qoladi (8,7 foiz), Qozog‘istonda esa aksincha, u Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichga aylanadi (18,7 foiz) va Qirg‘iziston ko‘rsatkichidan (18 foiz) ham oshadi.
Jahon miqyosida urbanizatsiya jarayoni davom etmoqda va uzoq muddatli istiqbolda u asosan yirik shaharlarda jamlanadi, kichik va o‘rta shaharlarning roli nisbatan barqaror bo‘lib qoladi, qishloq aholisi ulushi esa izchil ravishda qisqaradi. Bu ikki pog‘onali urbanizatsiya modelining shakllanayotganini ko‘rsatadi, bunda asosiy migratsiya oqimlari eng yirik shahar markazlariga yo‘naltiriladi.
Markaziy Osiyo uchun ham o‘xshash yo‘nalish xos: yirik shaharlarda aholining ulushi oshmoqda, biroq kichik va o‘rta shaharlar sezilarli darajada kengaymayapti. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston mintaqaning eng urbanizatsiyalashgan davlati bo‘lib qolmoqda, biroq o‘rta muddatli istiqbolda bu yetakchilikni O‘zbekistonga boy berishi mumkin.