O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqdi
Sport
−
11 may 3226 1 daqiqa
Kecha, 10 may kuni O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo kubogi doirasida Hindiston U-17 terma jamoasini 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi muddatidan avval guruhdan chiqish vazifasini hal qilib, Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvning 32-daqiqasida Laziz Abduraimov penalti orqali hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limning 61-daqiqasida hindistonlik futbolchi o‘z darvozasiga gol urdi. 77-daqiqada esa Ahrorbek Ravshanbekov O‘zbekistonning yirik hisobdagi g‘alabasini ta’minladi.
Navbatdagi 3-tur uchrashuvi joriy yilning 13 may kuni Avstraliya U-17 terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi. Avstraliya ilk turda Hindistonni mag‘lub etgandi. O‘zbekistonning ushbu g‘alabasi evaziga yashil qit’a vakillari ham Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Guruhdagi Shimoliy Koreya U-17 terma jamoasi musobaqaga kelmagani sababli guruhda uchta jamoa qoldi. Natijada O‘zbekiston va Avstraliya keyingi bosqichga chiqishni ta’minladi. Sergey Chigodayev boshchiligidagi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi endi 3-turda Avstraliyaga qarshi bahsda guruh g‘olibini aniqlaydi.
Ma’lumot uchun, ushbu yosh toifasidagi Jahon chempionati joriy yilning 19 noyabridan 13 dekabriga qadar Qatar yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi