FIFA JCH finali uchun chiptalar narxini uch baravar oshirdi

Sport

image

FIFA 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati final uchrashuvi uchun eng qimmat chiptalar narxini uch baravar oshirdi. Bu haqda ABC nashri xabar berdi.

2026 yilgi Jahon chempionatining 19 iyul kuni “Metlayf” stadionida bo‘lib o‘tadigan final uchrashuvi uchun I toifadagi chipta narxi endi 32 970 dollarni tashkil etmoqda. Avval ushbu toifadagi o‘rinlarning maksimal narxi 10 990 dollar edi. Qayd etilishicha, hafta davomida bu narxda faqat nogironlar aravachasi foydalanuvchilari uchun mo‘ljallangan I toifadagi o‘rinlar mavjud bo‘lgan.

FIFA prezidenti Janni Infantino avvalroq chiptalar narxining yuqoriligini AQSHdagi qayta sotuv bozori bilan izohlagan edi. Aprel oyining oxirida FIFA’ning rasmiy qayta sotish platformasida 2026 yilgi Jahon chempionati finali uchun to‘rtta chipta paydo bo‘lib, ularning har biri qariyb 2,3 million dollarga baholangan.

Infantino bu holatga hazil aralash munosabat bildirib, agar kim finalga chipta sotib olsa, unni hot-dog va bir shisha kola bilan mehmon qilishini aytgan. 

Aprel boshida FIFA turnirdagi 104 ta o‘yinning 40 tasi uchun chiptalar narxini oshirgandi. Bu qaror keng tanqidga uchradi. Yevropa muxlislar guruhi Yevropa Komissiyasiga shikoyat yuborgan, AQSHdagi demokrat qonunchilar esa FIFA’ni narxlarni sun’iy ravishda oshirishda ayblagan.

Infantino esa chiptalar savdosidan tushadigan mablag‘lar dunyo futbolini rivojlantirishga yo‘naltirilayotganini ta’kidlagan.

2026 yilgi Jahon chempionati tarixda ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirokida o‘tkaziladi. Musobaqa bir vaqtning o‘zida uch mamlakat – AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida tashkil etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

chipta Jahon chempionati FIFA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing