Neymar JCH uchun Braziliyaning kengaytirilgan tarkibiga kiritildi

Sport

image

Neymar Braziliya terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish uchun tuzilgan 55 kishilik kengaytirilgan tarkibiga kiritildi. Bu haqda “Globo” xabar berdi.

34 yoshli hujumchining mundialdagi ishtiroki hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda. Yakuniy 26 kishilik tarkibdan joy olish uchun Neymar tayyorgarlik jarayonida o‘zining jismoniy holatini tasdiqlashi kerak bo‘ladi.

Manbaga ko‘ra, Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti futbolchining tiklanish jarayoni va sport formasini diqqat bilan kuzatmoqda. Biroq, Neymar Anchelotti bosh murabbiy etib tayinlanganidan beri hali rasman terma jamoaga chaqirilmagan.

Shuningdek, dastlabki ro‘yxatdan joy olish Neymarning yakuniy tarkibga kirishini kafolatlamaydi. Uning Jahon chempionatidagi ishtiroki bo‘yicha yakuniy qaror kelgusi haftalarda futbolchining jismoniy holati baholangach qabul qilinadi.

Ma’lumot uchun, Neymar Braziliya terma jamoasi tarixidagi eng sermahsul futbolchi hisoblanadi. U milliy jamoa safida 128 ta o‘yinda maydonga tushib, 79 ta gol urgan hamda 59 ta golli uzatma muallifiga aylangan. Neymar terma jamoa safida oxirgi bor 2023 yil oktyabr oyida maydonga tushgan.


Maqola muallifi

Teglar

Neymar Jahon chempionati Braziliya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing