O‘zbekiston va Paragvay Prezidentlari Ko‘ksaroyda daraxt ekdi
Jamiyat
−
11 dekabr 2650 2 daqiqa
Bugun, 11 dekabr kuni O‘zbekiston bilan Paragvay o‘rtasida oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik hamda sherikchilikni mustahkamlashga, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishga o‘zaro qat’iy intilishning ramzi sifatida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Santyago Penya birgalikda Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdi.
Eslatib o‘tamiz, Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya bugun, 11 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgandi. Oliy martabali mehmonni “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va boshqa rasmiylar kutib oldi. Toshkentdagi “Ko‘ksaroy” qarorgohida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penyani kutib olish marosimi bo‘ldi. Prezidentlar rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya Qo‘shma bayonotni imzoladi.
Santyago Penyaning O‘zbekistonga tashrifi 11-13 dekabr kunlariga mo‘ljallangan. Unga safar davomida rafiqasi Letitsiya Okampos hamrohlik qilmoqda. Paragvay yetakchisi, shuningdek, Xalqaro avtomobil federatsiyasi Bosh assambleyasida va federatsiya shafeligida o‘tkaziladigan musobaqalar g‘oliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etadi.