O‘zbekiston yana 250 mln dollar qarz ko‘tardi

Jamiyat

image

Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun 250 million dollar miqdoridagi moliyalashtirish paketini ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar bergan. 

Mablag‘lar “Shaharlarda yashash va unumdorlikni oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish” (Livable and Productive Cities Program, LPCP) dasturi doirasida mamlakatning 16 ta tuman va shahrida aholi va biznes uchun munitsipal infratuzilma va xizmatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistondagi 37 mln nafar aholining yarmidan ko‘pi shaharlarda yashaydi. 2050 yilga borib ushbu ko‘rsatkich 60 foizdan oshishi kutilmoqda. Urbanizatsiya jarayonining jadallashuvi shaharni rejalashtirish va boshqarish tizimi, infratuzilma va kommunal xizmatlar, shu jumladan, jamoat transporti va chiqindilarni boshqarish xizmatlarini takomillashtirishni talab qiladi.
Ushbu masalalarga yechim topish uchun hukumat 2025 yilda hududlarni jadal kompleks rivojlantirish dasturini ishga tushirgan. Ushbu davlat dasturi jami 3,6 mln aholi istiqomat qiladigan 16 ta strategik muhim tuman va shaharlarda infratuzilmaviy va iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan LPCP dasturi davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi va mamlakatning 13 ta hududida infratuzilmani rivojlantirishga yordam beradi. Yangiyo‘l va Marg‘ilon shaharlari, shuningdek, respublika bo‘yicha 14 ta tuman, jumladan, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Denov, Quva, Shovot va Hazorasp tumanlari shular jumlasidandir.

LPCP dasturi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan maqsadli viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi mahalliy hokimiyat organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. 

LPCP dasturi doirasida yerlarning olib qo‘yilishi yoki fuqarolarning majburiy ko‘chirilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan infratuzilma loyihalari moliyalashtirilmaydi.

Bankka ko‘ra, 2030 yilga kelib, LPCP dasturi orqali mamlakatning 16 ta tuman va shaharlarida 1 millionga yaqin aholining turmush sharoitlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yaxshilash rejalashtirilgan, bunda munitsipal xizmatlar va infratuzilma sifatini oshirishdan turmush sifati yaxshilanadiganlarning yarmini ayollar tashkil etadi.

Xususan, dastur 300 ming kishining transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaxshilash, shuningdek, 400 ming aholi uchun jamoat joylari va bog‘larni rivojlantirishni ta’minlaydi. Dastur doirasida infratuzilma loyihalarining amalga oshirilishi qurilish sohasida 10 mingga yaqin vaqtinchalik ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) va O‘zbekiston hukumati “Yashil va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tish dasturi”ni amalga oshirish uchun 500 million dollar ajratish bo‘yicha kelishuv imzolagandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing