O‘zbekistonda foster oila instituti joriy etiladi
Jamiyat
−
17 dekabr 710 4 daqiqa
O‘zbekistonda “Mehrli oila” xizmati, professional qabul qiluvchi (foster) oila instituti joriy etiladi hamda kam sonli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi. Bu bugun, 17 dekabr kuni tasdiqlangan O‘zbekistonda 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha strategiya va harakatlar rejasida so‘z boradi.
Strategiyaga ko‘ra, yangi ijtimoiy va reabilitatsion xizmatlar joriy etiladi, oilani mustahkamlash va ijobiy ota-onalikni rivojlantirish bo‘yicha choralar kuchaytiriladi. “Mehrli oila” xizmati, professional qabul qiluvchi (foster) oila instituti joriy etiladi hamda kam sonli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi. Bolalarni shartnoma asosida oilaga tarbiyaga (patronat) va oilaviy bolalar uyiga olgan oila tutingan (foster) oila hisoblanadi. Bolalarni tarbiyalash va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha ota-ona majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda o‘z zimmasiga olgan shaxslar esa tutingan ota-onalar sifatida e’tirof etiladi.
Qonunchilikka muvofiq odatda yetim, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganligi sababli oilasidan olingan hamda xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar oilaga tarbiyaga beriladi. Mazkur jarayonda o‘n yoshga to‘lgan bolalarni faqat ularning roziligi bilan oilaga tarbiyaga berish mumkin. O‘zaro qarindosh bo‘lgan bolalar, qoidaga ko‘ra, bitta oilaga beriladi. Tutingan (foster) oilaga tarbiyalash uchun ko‘pi bilan 5 nafar bola beriladi. Bunda oiladagi bolalarning umumiy soni, o‘z bolalari va farzandlikka olingan yoki tutingan bolalar bilan birgalikda, qoidaga ko‘ra, 8 nafardan oshmasligi kerak. Bolalar tutingan (foster) oilalarga vakolatli organ bilan bolani olish istagini bildirgan shaxslar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida beriladi.
Strategiya jinoyat, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya va ma’muriy qonunchilikka kompleks o‘zgartirishlar kiritilishini ham nazarda tutadi. Ushbu o‘zgartirishlarning asosiy maqsadi — tergov va sud jarayonlarining barcha bosqichlarida bolani himoya qilish hamda bolaga do‘stona adliya tamoyillarini joriy etishdir.
Zo‘ravonlik qurboni yoki guvohi bo‘lgan bolalar uchun dastlabki tergov harakatlaridan boshlab bepul yuridik yordam ta’minlanadi. Agar zo‘ravonlik bola oilasida sodir etilgan bo‘lsa, ishni sudgacha ko‘rib chiqish va sud muhokamasi jarayonlarida vasiylik va homiylik organi vakilining barcha protsessual harakatlarda majburiy ishtiroki ta’minlanadi. Shuningdek, bolaning manfaatlarini himoya qilish maqsadida surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida ijtimoiy xodim protsess ishtirokchisi sifatida jalb etiladi. Bola va zo‘ravon o‘rtasidagi yuzlashtirish faqat tergovchi va prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida o‘tkaziladi. Bolaning ko‘rsatmalari takroriy jabrlanishning oldini olish maqsadida majburiy videoyozuvga olinadi.
Strategiyaning alohida bo‘limi deviant va antisotsial xulq-atvorga ega bolalar bilan ishlashga bag‘ishlangan. Respublika o‘quv-tarbiyaviy muassasalari ilgari yopilgan bo‘lib, ularning o‘rniga ijtimoiy integratsiya va qo‘llab-quvvatlash markazlari, shuningdek kam sonli ijtimoiy yordam markazlari tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, ushbu bolalarning sifatli ta’lim olish huquqini ta’minlash maqsadida ular yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan ta’lim muassasalari soni 258 taga yetkazilmoqda.
Tezkor javob choralarini ko‘rish va axborot almashinuvi samaradorligini oshirish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa idoralar axborot tizimlarini integratsiya qilish ko‘zda tutilgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan tortib kollejlarigacha bo‘lgan barcha ta’lim muassasalarida “xavfsiz maktab” konsepsiyasi joriy etiladi, shuningdek, bulling va raqamli zo‘ravonlikka qarshi choralar kuchaytiriladi.
Bundan tashqari, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohasida faoliyat yurituvchi xodimlar tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini yashirish yoki ular haqida xabar bermaslik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi taklif etilmoqda.
Qabul qilingan Strategiya real holatlar, tadqiqotlar va amaliy tajriba tahliliga asoslangan bo‘lib, bir bolaning huquqlari va farovonligini ta’minlashga qaratilgan izchil va tizimli islohotlarning muhim qismi hisoblanadi.
Strategiyaning prinsipial muhim jihatlaridan biri — idoralararo hamkorlikdir. Bolalarni himoya qilish masalasi ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa idoralar tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi muvofiqlashtiruvchi roli ostida birgalikda amalga oshiriladigan umumiy mas’uliyat sifatida qaraladi.
Live
Barchasi