Karimov ham bahridan o‘tolmagan Karim Bahriyev xotirasi
Madaniyat-san’at
−
31 mart 17780 1 daqiqa
Marhumning yaqinlari, hamkasblari, shogirdlari va qo‘ni-qo‘shnilari uni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun jam bo‘lishdi. QALAMPIR.UZ jamoasi ham janoza marosimida ishtirok etib, marhumni so‘nggi manzilga kuzatdi.
Marhum bilan birga ishlagan hamkasblaridan intervyu olishga harakat qilindi. Biroq ular suhbat berishdan bosh tortdi. Shunga qaramay, ularning ko‘zlaridagi yosh va chuqur iztirob orqali marhumning naqadar yaxshi inson bo‘lganini anglash mumkin edi.
Ma’lum bo‘lishicha, Karim Bahriyev bir necha kun avval insult tufayli shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, shifokorlar nazoratida davolanayotgan edi.
U 1962 yil 15 iyul kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Maktabni oltin medal bilan tamomlagach, Samarqand davlat universitetida, so‘ngra Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
Faoliyati davomida jurnalist, yozuvchi, tarjimon hamda parlament deputati sifatida samarali mehnat qilgan.
Karim Bahriyev o‘zining qat’iy pozitsiyasi, dolzarb mavzulardagi chiqishlari va prinsiplari bilan o‘zbek jurnalistikasida o‘ziga xos iz qoldirdi. U 64 yoshida olamdan o‘tdi.
Marhum Toshkent shahridagi Chig‘atoy qabristoniga dafn etildi.
QALAMPIR.UZ jamoasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Marhumning yaqinlari bilan tashkil qilingan ushbu reportajni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube-kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Behzod Shamsutdinov
Live
Barchasi