O‘zbekistonda jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkaziladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda shahar jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimi asosida rivojlantriladi. Bu haqda bugun, 7 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan hududlarda jamoat transportini yanada yaxshilash va bu boradagi ishlarni jadallashtirish yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, oxirgi uch yilda poytaxt va viloyat markazlariga 2 ming 650 ta zamonaviy elektrobus va avtobuslar olib kelingan. Brutto-shartnoma asosida 279 ta muntazam yo‘nalish yo‘lga qo‘yilgan. Natijada har kuni yo‘nalishga chiqayotgan avtobuslar soni 3 ming 150 taga yetgan. Kunlik qatnovlar soni 2022 yildagi 18 mingtadan 45,2 mingtaga, yo‘lovchilar oqimi esa 900 ming nafardan 2,3 million nafarga oshgan. Shu orqali 4,8 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Taqdimotda jamoat transportini yanada rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar ko‘rib chiqilgan. Urbanizatsiya jarayonlari tezlashayotgani, poytaxt va viloyat markazlariga tutash hududlarda aholi harakati keskin ko‘paygani sababli shaharlarga kirishda qatnovlar 30 foizga oshgani qayd etilgan.

Shu munosabat bilan shahar jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkazish taklif qilingan. Bunda shaharlar atrofidagi 12 kilometrgacha bo‘lgan hududlarga qatnaydigan avtobus yo‘nalishlari ham brutto-shartnoma tizimi bilan qamrab olinadi.

Jumladan, Toshkent viloyatining Nazarbek, Mineral suvlar va Uch Qahramon hududlarini poytaxt bilan bog‘lash orqali avtomobillar oqimini kamida 20 foizga kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan. Umuman, poytaxtda 19 ta, viloyat markazlarida 79 ta shunday yo‘nalish tashkil etish rejalashtirilgan.

Poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yo‘l qatnovlarini o‘zaro bog‘lash maqsadida “elektropoyezd – avtobus”, “elektropoyezd – metro” kabi qulay tariflarni joriy etish taklif qilingan.

Qolaversa, viloyat markazlarida jamoat transporti harakat tarkibini yangilash zarurligi ta’kidlangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, hududlarda yana 1,5 mingta katta va o‘rta sig‘imli avtobuslarga ehtiyoj bor. Shu bois, zamonaviy avtobuslar olib kelishni rag‘batlantirish, tadbirkorlar uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish, kredit liniyalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirilgan. Jumladan, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida avtobuslarni import qilishda utilizatsiya yig‘imidan ozod qilish muddatini yana 2 yilga uzaytirish taklif qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev jamoat transporti aglomeratsiya tizimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing