O‘zbekistondagi kichik AES Rossiyani 24,7 mlrd dollargacha buyurtma bilan ta’minlaydi
Jamiyat
−
25 mart 12238 2 daqiqa
O‘zbekistondagi AES qurilish maydonchasida faqatgina bitta kichik blokning barpo etilishi Rossiya korxonalarini 2 trillion rublgacha (taxminan 24,7 mlrd dollar) bo‘lgan buyurtmalar va taxminan mingta ish o‘rni bilan ta’minlaydi. Bu haqda “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Bizning Rossiyadagi xususiy kompaniyalar orasida ham, davlat ishtirokidagi kompaniyalar orasida ham hamkorlarimiz juda ko‘p. Faqatgina kichik blokning qurilishi 2 trillion rublgacha bo‘lgan buyurtmalar hajmini beradi, bandlik nuqtai nazaridan esa — bu bevosita Rossiya Federatsiyasida mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi demakdir. Makroiqtisodiy samaradorlik nuqtai nazaridan, bu Rossiya Federatsiyasiga qurilish bosqichida kiritilgan har bir rubl uchun bir yarim rublgacha, atom elektr stansiyasidan foydalanish bosqichida esa ikki rublgacha investitsiyalarning qaytishini anglatadi”, deydi Rosatom rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida va Jizzax viloyatining Forish tumanidagi bo‘lajak AES qurilish maydonchasida bo‘lib o‘tgan tadbirlar doirasida strategik hamkorlikka oid muhim hujjatlar imzolangani hamda dastlabki beton ishlariga rasman start berilgani haqida xabar berilgan edi. Hujjatni “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov imzolagan.
Hozirgi vaqtda reaktor binosi ostiga beton asos tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu bosqichni joriy yil aprel oyida yakunlash rejalashtirilgan. Jami 900 metr kubga yaqin beton qorishmasi yotqiziladi. Ishlar yakunida reaktor binosi poydevori uchun gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega asos tayyorlanadi.
Live
Barchasi