O‘zbekistonda AESda vodorodli portlashdan himoya qoidalari tasdiqlandi

Jamiyat

image

Atom elektr stansiyasida vodorodli portlashdan himoya qoidalari tasdiqlandi. Bu haqda joriy yilning 19 mart kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining “Atom elektr stansiyasida vodorodli portlashdan himoyani ta’minlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi hamda Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladi hamda yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti uchun mas’ul etib tayinlanadi. U o‘z kuchi bilan yoki boshqa yuridik shaxslarni jalb etgan holda yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ekspluatatsiya qiladi.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasida quyidagi holatlarning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlashi zarur:

  • normal ekspluatatsiya vaqtida germetik to‘siq bilan chegaralangan hajmdagi tizimlar, elementlar va xonalarda vodorod saqlovchi portlovchi aralashmalarning hosil bo‘lishiga;
  • loyihaviy avariyalarda germetik to‘siq bilan chegaralangan hajmdagi xonalarda vodorod saqlovchi aralashmalarning detonatsiyasi va deflagratsiyasiga;
  • loyihadan tashqari avariyalarda vodorod saqlovchi aralashmalarning detonatsiyasiga.

Atom elektr stansiyasida loyihadan tashqari avariyalarda deflagratsiyaga faqat atom elektr stansiyasi loyihasida belgilangan xavfsizlikni ta’minlovchi tizimlar o‘z funksiyalarini to‘liq bajarishi sharti bilan yo‘l qo‘yiladi.

Atom elektr stansiyasining normal ekspluatatsiyasi jarayonida germetik to‘siq bilan chegaralangan hajmlarda vodorod saqlovchi aralashmalar hosil bo‘lishining oldini olish maqsadida ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot quyidagilarni ta’minlashi kerak:

  • atom elektr stansiyasidagi texnologik jarayonlarning loyiha hujjatlarida belgilangan chegaraviy parametrlar va ekspluatatsiya shartlariga muvofiq olib borilishini;
  • germetik to‘siq bilan chegaralangan hajmdagi xonalarga vodorod hamda vodorod saqlovchi aralashmalar boshqa tarkibiy qismlarining kirib kelishining oldini oluvchi yoki ularning kirib kelish darajasini atom elektr stansiyasi loyihasida belgilangan normalargacha kamaytiruvchi texnologik uskunalar konstruksiyasining germetikligini;
  • germetik to‘siq bilan chegaralangan hajmda vodorodli portlashdan himoyani ta’minlaydigan tizimlar (elementlar)ning ishlashi natijasida vodorod va vodorod saqlovchi aralashmalarning portlashga olib keluvchi konsentratsiyasining kamayishini;
  • vodorod saqlovchi aralashmalar konsentratsiyasining doimiy nazorat qilinishini.

Hujjatda ishlatilgan tushunchalar:

  • detonatsiya – yonuvchi gaz aralashmasida kimyoviy reaksiyaning zarba to‘lqini bilan bog‘langan holda tovush tezligidan yuqori tezlikda tarqalishi bilan tavsiflanadigan portlash jarayoni;
  • deflagratsiya – cheklangan hajmda vodorod saqlovchi aralashmada reaksiya frontining tovush tezligidan past tezlikda tarqalishi natijasida o‘rtacha bosim hamda issiqlik yuklamalari yuzaga kelishi bilan tavsiflanadigan portlash;
  • germetik to‘siq – yadroviy reaktor qurilmasi yoki radioaktiv moddalarni saqlovchi boshqa ob’ektlar atrofidagi fazoni ajratib turuvchi, atom elektr stansiyasi loyihasida nazarda tutilgan chegarani hosil qiluvchi qurilish va boshqa konstruksiya elementlari majmui;
  • loyihaviy avariyalar – atom elektr stansiyasi loyihasida ko‘zda tutilgan boshlang‘ich hodisalar natijasida sodir bo‘ladigan hamda ularning oqibatlarini cheklash uchun xavfsizlik tizimlari nazarda tutilgan avariyalar;
  • loyihadan tashqari avariyalar – atom elektr stansiyasi loyihasida ko‘zda tutilmagan sabablar yoki hodisalar ketma-ketligi natijasida yuzaga keladigan avariyalar.

Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston yadroviy zarar uchun javobgarlik to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga qo‘shilgandi. Ushbu hujjat bilan O‘zbekistonda yadroviy falokat yuz bergan taqdirda mamlakat xalqiga tovon to‘lanishi ta’minlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

AES vodorodli portlash himoya qoidalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing