Shavkat Mirziyoyev Putin bilan AES qurilishini muhokama qildi

Jamiyat

image

Bugun, 24 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan O‘zbekistondagi ilk AES qurilishini muhokama qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, telefon orqali bo‘lgan suhbat davomida atom energetikasi, sanoat ishlab chiqarishi va transport sohalarida amalga oshirilayotgan bir qator yirik qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalari atroflicha muhokama qilingan.

Xususan, O‘zbekistonda Rossiya loyihasi asosida qurilayotgan atom elektr stansiyasi maydonida betonlash ishlarini boshlash marosimi bo‘lib o‘tgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Shuningdek, joriy yilning 16 mart kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida uchinchi mis boyitish fabrikasi ishga tushirilgani ta’kidlangan. Keltirilishicha, mazkur korxona uchun zarur uskunalar Rossiyaning yetakchi mashinasozlik korxonalari tomonidan yetkazib berilgan.

Davlat rahbarlari, shuningdek, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan, jumladan, Yaqin Sharqdagi mojaro va Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha ham batafsil fikr almashgan.

Suhbat yakunida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash borasidagi faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib olingan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida va Jizzax viloyatining Forish tumanidagi bo‘lajak AES qurilish maydonchasida bo‘lib o‘tgan tadbirlar doirasida strategik hamkorlikka oid muhim hujjatlar imzolangandi hamda dastlabki beton ishlariga rasman start berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Putin AES

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing