Venesuelaning vaqtinchalik prezidenti bilan “Madurodan ham battarroq” narsa sodir bo‘lishi mumkin – Tramp
Olam
−
05 yanvar 5382 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuelada vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi Delsi Rodrigesga ogohlantirish berdi. Bu haqda Oq uy rahbari kecha, 4 yanvar kuni jurnalistlar bilan Air Force One samolyoti bortidagi suhbat chog‘ida so‘z ochdi.
Jurnalistlar undan agar Venesuela muvaqqat rahbarining harakatlari AQSHga ma’qul kelmasa, uning taqdiri Maduroning taqdiriga o‘xshash yoki undan ham og‘irroq bo‘ladimi, deb so‘rashgan. Tramp bunga javoban: “Yomonroq, ancha yomonroq”, degan.
Trampning qo‘shimcha qilishicha, agar Rodriges “to‘g‘ri harakat qilmasa, ushbu o‘yin yana qaytadadan o‘ynaladi”.
“Agar u to‘g‘ri ish qilmasa, unga o‘tirgan joyi juda qimmatga tushadi”, deya ta’kidlagan Amerika Prezidenti.
Qayd etish joiz, Venesuela Oliy sudi mamlakat vitse-prezidenti Delsi Rodrigesni Prezident Nikolas Maduroning o‘g‘irlab ketilishi munosabati bilan vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlashga qaror qilgandi. Delsi Rodriges esa bayonot berib, AQSH bilan muvozanatli va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishni ustuvor vazifa deb atagan hamda Vashingtonga qo‘shma kun tartibi ustida ishlashni taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Maduroni o‘g‘irlab ketish ssenariysi 3 yanvar kuni muvaffaqiyatli amalga oshirilgan edi. Trampning odamlari Venesuela yetakchisi bilan birga uning rafiqasini ham qo‘lga olgan. AQSH rasmiylari er-xotinni “narkoterrorizm”da ayblamoqda. Xalqaro maydonda esa Trampning bu yurishi keskin tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. Ular ichida hatto Rossiya ham boshini ko‘tarib, Trampni “xalqaro huquq me’yorlari”ni buzganlikda aybladi. Shu bilan AQSH bilan munosabatlari yaxshi bo‘lmagan mamlakat yetakchilari ham o‘z xavfsizligidan cho‘chib qoldi, desak xato bo‘lmaydi.
Live
Barchasi