Qozog‘istondagi qishloq aholisi alkogoldan voz kechdi
Olam
−
14:12 2224 1 daqiqa
Bugun, 11 fevral kuni Qozog‘istonning Qostanay viloyatiga qarashli Kabirga qishlog‘i aholisi alkogol mahsulotlaridan voz kechganini e’lon qildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmatiga tayanib, “Kursiv” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, qishloqdagi do‘kon egalari spirtli ichimliklar savdosini ixtiyoriy ravishda to‘xtatgan. Ushbu tashabbus qishloq oqsoqollari va tadbirkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Aholi vakillarining fikricha, bu qarordan so‘ng qishloqda tinchlik mustahkamlangan, oilaviy nizolar kamaygan, jamoat tartibi yaxshilangan.
Kabirga qishlog‘ida jami 214 nafar aholi istiqomat qiladi. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, qishloqda alkogol mahsulotlari rasman taqiqlanmagan va bu ixtiyoriy tashabbus hisoblanadi. Ya’ni, qishloq hududida alkogol mahsulotlari sotilmaydi, biroq istagan shaxs uni boshqa aholi punktlaridan xarid qilishi mumkin.
Qayd etilishicha, so‘nggi uch yil davomida qishloqda alkogol bilan bog‘liq birorta ham jinoyat qayd etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailandda tushlik vaqtida alkogol ichimliklarini sotishni taqiqlovchi yarim asrdan ortiq amal qilgan cheklov bekor qilingandi. Hukumat alkogol sotishga ruxsat bergan va eskirgan qonun normalarini yumshatgan.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi