Angrendagi qurbonlari yashirilayotgan YTH, qotil ona, jinsiy aloqaga o‘ch mansabdor – Hafta hayratlari

Tahlil

Toshkentda bundan uch yil avval qizini hayvonot bog‘idagi ayiq qafasiga qasddan uloqtirgan ayol endi uni pichoqlab o‘ldirdi va bu voqea shubhasiz nafaqat tugayotgan haftaning, balki butun insoniyat tarixining mudhish, muhim voqeliklaridan biriga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

34 yoshli ona tomonidan o‘ldirilgan qiz 7 yoshda bo‘lgan va kuni kecha maktab ostonasiga qadam qo‘ygandi. 

Mazkur holat bo‘yicha joriy yilning 8 sentyabr kuni Sergeli tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi ayol Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi (Ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan.

Qayd etilishicha, ayol 2022 yildan buyon Psixonevrologiya dispanserida ro‘yxatda turgan va shu yerda davolanib kelgan. 2 avgust kuni unga uyda davolanish uchun ruxsat berilgan. Ayolning o‘g‘li ham bo‘lgan.

Ayol 2022 yilning 28 yanvar kuni Toshkent hayvonot bog‘ida qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgandi. O‘shanda ayiq qizaloqqa zarar yetkazmagan, hayvonot bog‘i xodimlari ayiqni ichki xonaga olib kirishga muvaffaq bo‘lgan. Ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ona bu voqea sodir bo‘lgan vaqtda ham ruhiy asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda bo‘lgan. O‘sha yilning aprel oyida ayol Jinoyat kodeksining og‘irlashtiruvchi holatlarida qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilishni nazarda tutuvchi moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburiy davolanishga yuborilgan edi.

Qizning o‘limi ortidan ijtimoiy tarmoqlar jumbushga keldi. Faollar dolzarb mavzulardan chekinib, qizning o‘limi va uni keltirib chiqargan sabablar, jamiyatning befarqligi, o‘z vaqtida ko‘rilmagan choralarni muhokama qildi. O‘zbekistonda bolalar huquqlari hamon ovoza bo‘layotgan holatlarga nisbatan ishlayotgani, ijtimoiy hayotda, oilada bola huquqlari mavjud emasligi, ushbu masalaga faqat hisobot maqsadida yondashilishi e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda. 

Angrendagi dahshatli YTH bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi

7 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Angren shahri hududidan o‘tgan A-373 “Toshkent-O‘sh” xalqaro avtomobil yo‘lida bir nechta transport vositalari ishtirokida dahshatli yo‘l- transport hodisasi sodir bo‘ldi. Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotlarga ishonadigan bo‘lsak, unda yetti kishi qurbon bo‘lgan. Ammo qurbonlar 10 dan ortiqligi haqida ma’lumotlar mavjud. QALAMPIR.UZ’ga yetib kelgan raqamlarga ko‘ra, qurbonlar 11 nafar. Biroq, Ichki ishlar vazirligi yoki Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bu iddaolarni yo‘qqa chiqaradigan ishonchli ma’lumot bergani yo‘q. 

Ma’lum qilinishicha, 1981 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi sement tashuvchi Shacman rusumli yuk avtotransporti boshqaruvini yo‘qotib, harakat yo‘nalishidagi temiryo‘l kesishmasida to‘xtab turgan ikkita yuk avtomashinasi hamda beshta yengil avtotransport vositalari bilan to‘qnashib yo‘l-transport hodisasini sodir etgan. To‘qnashuv vaqtida kelib chiqqan yong‘in, voqea joyiga yetib kelgan maxsus kuch va vositalari yordamida tezkorlik bilan o‘chirilgan.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning 9 sentyabrda imzolagan farmoyishida YTH qurbonlari 11 nafarligi, jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilganlar esa 6 nafarni tashkil etishi aytilgan.

Farmoyishda viloyat hokimining o‘rinbosarlari va tegishli tashkilotlar YTH oqibatida vafot etganlarning shaxsiga aniqlik kiritishi, ularning oila a’zolariga hamda jabrlanganlarga tibbiy, moddiy, psixologik va boshqa yordamlar ko‘rsatishi belgilangan. Halok bo‘lganlarning dafn marosimlari bilan bog‘liq kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi qayd etilgan. Jarohat olganlarga Angren shahar tibbiyot birlashmasida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani bildirilgan.

YTHning kelib chiqish sabablari o‘rganilgan holda kelgusida shu kabi hodisalarning oldini olish maqsadida yo‘l-transport infratuzilmasini xatlovdan o‘tkazish hamda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda ularni takomillashtirish, shuningdek, yuk tashish qoidalarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha asoslangan takliflar tayyorlash topshirilgan. Xo‘sh, kimga ishonish kerak: Ichki ishlar vazirligi xabarigami yo Bozorovning farmoyishiga?

Vaziyatni to‘liq o‘rganish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida tegishli davlat organlarining mutaxassislaridan iborat hukumat komissiyasi tuzildi. 

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov-surishtiruv harakatlari boshlangan.

Hukumat komissiyasiga keladigan bo‘lsak, bundan avval sodir bo‘lgan turli baxtsiz hodisalar, favqulodda holatlar va odamlar o‘limiga olib kelgan fojialar ortidan ham Hukumat komissiyasi tuzilgan bo‘lib, ularga ham Ochilboy Ramatov boshchilik qilgandi. Masalan, joriy yilning 31 mart kuni Andijonning “Mirzo Ulug‘bek” MFY hududida joylashgan “Ahmadali hoji” masjidi tahoratxonasida sodir bo‘lgan portlashni eslaylik. Unda 3 kishi qurbon bo‘lgani va 10 kishi jarohatlangani aytildi. Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205 -(Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 259 - (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Biroq oradan 5 oydan ortiq vaqt o‘tsa-da na Hukumat komissiyasi hisobotidan, na jinoyat ishining borishi, yoki ishga oid materiallarning sudga yuborilganidan darak bor. Yopiq qozon yopiqligicha qolmoqda. 

Harbiy poligonda portlash bo‘ldi

10 sentyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Nukus harbiy dala-o‘quv maydonida portlash sodir bo‘ldi.

Nukus dala-o‘quv maydonida o‘quv amaliy mashg‘ulot tashkillashtirilgan. Mashg‘ulot uchun mo‘ljallangan portlovchi maxsus vositaning detonatsiya shnuri chaqnashi oqibatida kichik portlash yuzaga kelib, mashg‘ulot ishtirokchilaridan 10 ga yaqin harbiy xizmatchi turli darajada tan jarohati olgan. Ularga o‘z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Milliy gvardiyaning ma’lum qilishicha, hozirda ko‘rilgan zarur choralar oqibatida harbiy xizmatchilarning sog‘lig‘i tiklanmoqda. Holat yuzasidan esa xizmat surishtiruvi tayinlangan, hozirda mutasaddi rahbarlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Maktab ta’limi 12 yillik bo‘ladi

O‘zbekistonda maktab ta’limini 12 yillik tizimga o‘tkazilishi kutilmoqda. Ushbu tashabbus 8 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishganidan so‘ng davlat rahbari tomonidan ma’qullangan. 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari bo‘lgan Sardor Rajabov ushbu ma’lumot haqidagi intervyuni bergan vaqtidan ikki kun o‘tib Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. 

Rajabovning aytganlarida jon bor: bugun O‘zbekistonda xalqaro maktablar anchayin ortgan. IB xalqaro ta’lim dasturi bo‘yicha faoliyat yurituvchi maktablarda bolalar 6 yoshdan qabul qilinadi. Davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarida esa 7 yoshdan. Aytaylik, agar sizda IB dasturi bo‘yicha 3-sinfda o‘qiyotgan bolangizni kun kelib davlat maktabiga olish fikri tug‘ilib qolsa, davlat maktabida u 2-sinfga qabul qilinadi. Bolaning bir yillik umri, ta’limi yo‘qqa chiqdi hisob. Ta’limning 12 yillik tizimga o‘tishi avvalgi ma’muriyat davridagidek 9 yil maktab, 3 yil kasb-hunar kolleji yoki litsey ta’limini olishni anglatmaydi, aksincha, maktab qabulini bir yil erta boshlash degani. Ya’ni, endi maktabga tayyorlov, oddiy aytganda, “nulevoy” ta’lim qonuniy bo‘lyapti. 

Yana bir muhim yangiliklardan biri shuki, endi viloyatlarda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislik bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek, tabiiy fanlar yo‘nalishida Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi. Ularning barchasi hududlardagi texnika oliygohlariga nomma-nom biriktiriladi. Yaxshi natijaga erishgan bitiruvchilar ushbu oliy o‘quv yurtlarining 2-kursiga qabul qilinadi.
Shuningdek, O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini o‘tkazish tartibini o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Bugungi kunda maktab bitiruvchilari avval davlat bitiruv imtihonlarini, keyin esa OTMlarga kirish uchun alohida test sinovlarini topshiradi. Endi ushbu ikki imtihon birlashtirilib, sun’iy intellekt elementlaridan foydalangan holda yagona imtihon joriy etilishi kutilmoqda. Imtihon onlayn tarzda o‘tkazilishi va undagi baholar bir vaqtning o‘zida ham maktab yakuni, ham OTMga kirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi rejalashtirilgan.

Qayd etish joiz, bu yangi tizim Rossiyaning Yagona davlat imtihoni tizimiga o‘xshab ketadi va bunday tizimni joriy etish O‘zbekistonda birinchi marta muhokama qilinayotgani yo‘q.

Vazirlik xodimi “hol qo‘ydi”

Maktab ta’limi borasida shuncha yaxshi yangiliklar bo‘lib turgan bir vaqtda vazirlik xodimi “hol qo‘yib turibdi”, deng. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ul xodimining ayollarga menedjerlik sertifikatini olish va maktab direktori sifatida ishga joylashishda yordam berish evaziga u bilan jinsiy aloqa qilishni taklif qilgani ta’kidlangan audio tarqaldi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova holat yuzasidan munosabat bildirib, audioxabardagi ovoz rostdan ham vazirlik xodimiga tegishli ekanini tasdiqladi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu vaziyat ishtirokchisi bo‘lgan vazirlik xodimi lavozimidan ozod etilgan. Biz uning shaxsini, vazirlikda qaysi lavozimda ishlagani, avval nima ish qilganini aniqladik, o‘zi ham bir vaqtlar direktor bo‘lgani haqidagi faktlar mavjud, hatto, suratini ham topdik. Oila a’zolari, yaqinlari bilan bog‘landik, sobiq turmush o‘rtog‘ining eri haqidagi gaplariga ko‘zimiz tushdi. Faqat shaxsga doir ma’lumotlarning sir tutilishi, shundoq ham jamoasi oldida obro‘sizlangan kishini yana obro‘sizlantirmaslik, uni sazoyi qilmaslik maqsadida kimligini ochiqlamaslikka qaror qildik. Shoyadki, bu voqeadan u ham, boshqalar ham to‘g‘ri xulosa chiqarsa. 

Aslida xulosa chiqarganda, shu yilning iyul oyida Samarqand viloyatida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasining mansabdori Zoom platformasida o‘tkazilgan majlisda kamerasini yoniq qoldirib, hamkasb ayolni quchog‘iga olib, oyog‘iga o‘tkazib olgani videosi tarqalganidan xulosa chiqargan bo‘lardi. 

O‘zbekistonliklarga ish tashlash huquqi berilmoqda

O‘zbekistonda xodimlarga ommaviy ish tashlash huquqi berilmoqda. Bu haqda 9 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan muhokama qilingan, Senatning “Fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunchilik taklifida so‘z boradi.

U ish tashlash huquqini qonuniy tartibga solishni nazarda tutadi. Mehnat kodeksida ish tashlashning aniq ta’rifi va tushunchalari, uni o‘tkazish tartib-taomillari, xodimlarga ish tashlash jarayonida beriladigan kafolatlar belgilanmoqda.
Shuningdek, ish tashlashning boshlanishini kechiktirish, to‘xtatib turish, tiklash va tugatish tartiblari hamda ish tashlashga oid cheklovlar aniqlashtirilmoqda.

O‘zbekistonning amaldagi Mehnat kodeksi bo‘yicha xodimlar ish tashlash huquqiga ega emas. Umuman, O‘zbekistonda mehnatga oid qoidalar bot-bot buzilsa-da, ayniqsa, odamlar majburiy mehnatga jalb qilinsa ham, muttasil belgilangan soatlardan ortiq ishlatilsa va bunga qo‘shimcha haq to‘lanmasa, yoki maoshlar doimiy kechiktirib to‘lansa ham, mehnat xavfsizligi muhofazasi tang ahvolda bo‘lsa ham, miq etmay ishlab kelingan,  ishlab kelinmoqda. Kasaba uyushmalari esa konsert va tadbirlar tashkilotchiligi bilan band. 
Xo‘sh, siz mehnat qilayotgan tashkilotda mehnatga doir huquqlarning buzilishi borasida qanday faktlar bor. Bularni bizga yozib yuboring.

TIV “Tolibon”ga vertolyotlar berilishini rad etdi

Afg‘onistonni egallagan “Tolibon” muvaqqat Hukumati rasmiy Toshkentdan Ashraf G‘ani ma’muriyati tugaganida O‘zbekistonga o‘tgan vertolyotlarni qaytarishni so‘ramoqda. 10 sentyabr kuni Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid mahalliy ommaviy axborot vositalariga aytishicha, O‘zbekiston 2021 yilning avgustida Afg‘onistondan olib chiqib ketilgan harbiy vertolyotlarni qaytarishga rozi bo‘lgan.

Mujohidning aytishicha, vertolyotlarning taqdiri Qobul va Toshkent o‘rtasida olib borilgan doimiy muhokamalar mavzusida bo‘lib, “Tolibon” doimiy ravishda milliy aktivlarni qaytarish borasidagi sa’y-harakatlar doirasida harbiy uchoqlarni so‘rab kelgan.
“Tolibon” rasmiysi 57 harbiy vertolyotning topshirilishi yaqin orada amalga oshishi kutilayotganini ma’lum qilgandi. 

Biroq “Tolibon” muvaqqat hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohidning OAVga bergan bayonoti Toshkent bilan kelishilmay amalga oshirilgani ayon bo‘ldi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vertolyotlarning “Tolibon” qo‘liga topshirilishini rad etdi. TIV matbuot kotibi Ahror Burhonovning aytishicha, bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Toshkentning rasmiy raddiyasidan so‘ng, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy yana avvalgi hukumat ag‘darilganidan so‘ng Afg‘onistondan O‘zbekiston va Tojikistonga olib o‘tilgan vertolyotlarni qaytarishga chaqirdi. 

“Biz to‘rt yil oldingi siyosiy o‘zgarishlardan keyin bizning ayrim vertolyotlarimizni olib, qo‘shni davlatlarga topshirgan mamlakatlardan ularni afg‘on xalqiga qaytarishlarini so‘raymiz, ular insonparvarlik operatsiyalarida ishlatiladi”, deydi u.

AQSH Mudofaa vazirligi 2021 yilning avgustida Afg‘onistonda Hukumat “Tolibon” qo‘liga o‘tgach, 46 ta samolyot va vertolyot O‘zbekistonga, yana 18 tasi Tojikistonga olib borilganini tasdiqlagan. “Tolibon” bir necha bor ikkala davlatdan ham ularni topshirishni talab qilgan, biroq Toshkent va Dushanbedagi rasmiylar bu talablarga ochiq izoh bermagan.

AQSHning O‘zbekistondagi elchisi oldinroq bergan bayonotida yangi kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistonga qo‘ngan 46 ta uchoq ushbu mamlakat nazoratida qolishini aytgan. AQSHning shtab kvartirasi Dohada joylashgan Afg‘oniston bo‘yicha missiyasi esa Tojikistonga sobiq afg‘on harbiy samolyotlarini “Tolibon”ga topshirmagani uchun minnatdorlik bildirgan.

Afg‘oniston sobiq xavfsizlik qo‘mondonining aytishicha, “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritishidan avval AQSH mamlakat havo kuchlarini jami 229 ta vertolyot – jangovar va transport vositalari bilan ta’minlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Toshkent maktab Nukus Tolibon Angren Harbiy poligon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing