Harri Keyn “Barselona”ga o‘tishni jiddiy o‘ylamoqda
Sport
−
03 noyabr 2564 2 daqiqa
Myunxenning “Bavariya” klubi hujumchisi Harri Keyn kelasi yozda jamoani tark etish va “Barselona”ga o‘tish variantini jiddiy ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda SI nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 2023 yilning yozida “Bavariya”ga o‘tgan Keynning shartnomasiga bir nechta ozod qilish bandlari kiritilgan. Shulardan biri 2026 yil yozida kuchga kiruvchi 65 million yevrolik tovon puli hisoblanadi. “Barselona” aynan shu imkoniyatdan foydalanmoqchi. Katalon klubi Keynga nisbatan katta qiziqish bildirmoqda va futbolchining o‘zi ham “Kamp Nou”da o‘ynash variantini jiddiy o‘ylamoqda. Uning agentlari allaqachon “Barselona” bilan aloqa o‘rnatgani aytilmoqda.
La Liga jamoasi so‘nggi oylar ichida moliyaviy holatini yaxshilash ustida ishlamoqda va “Kamp Nou”ga qaytish orqali daromadlarini oshirishni rejalashtirgan. Shunga qaramay, Keynning transferi oddiy jarayon bo‘lmaydi. Shartnomaga ko‘ra, u agar “Bavariya”ni tark etishni istasa, bu haqda yanvar oyida rasmiy ravishda xabar berishi lozim.
Agar Keyn yangi klub izlashga qaror qilsa, “Barselona” uning uchun asosiy da’vogar sifatida qaralmoqda. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni va Angliya klublari ham ingliz hujumchisiga qiziqish bildirayotganlari ma’lum.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bavariya” jamoasi hujumchisi Harri Keyn joriy mavsumning dastlabki 14 o‘yinida 22 ta gol urib, so‘nggi yigirma yillikning eng kuchli hujumchilari Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi va Kilian Mbappening natijalarini ortda qoldirgani haqida xabar berilgan edi.