“Hatto qizlar ham bor”. “So‘nggi qo‘ng‘iroq” kuni maktabga 238 ta o‘quvchi mashina haydab bordi (video)
3-sahifa
−
25 may 8807 1 daqiqa
Bugun, 25 may kuni “so‘nggi qo‘ng‘iroq” arafasida 238 ta maktab o‘quvchilari avtomashinalardan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, targ‘ibot ishlari olib borilishiga qaramasdan, “so‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida ertalabki soat 7:00 dan 14:00 gacha o‘quvchilarning maktablarga avtomashina boshqarib kelishlari bilan bog‘liq 238 ta holat aniqlangan.
“Bayramni baxtsizliklarsiz o‘tkazish uchun minglab yo‘l-patrul xizmati va ichki ishlar organlarining boshqa sohaviy xizmat xodimlari maktablar yonida kuchaytirilgan tartibda xizmat o‘tashmoqda. O‘quvchilarning o‘z ota-onasiga tegishli yoki ijaraga olgan avtomashinalarini boshqarib kelganliklarini kuzatish mumkin. Qoidabuzarlar orasida 11, 9 va hattoki 8-sinf o‘quvchilari ham bor”, deyiladi xabarda.
Xorazmda bitiruv kechasiga mashina boshqarib kelgan qizlar ham topilgan.
“Farzandlarining katta fojianing qurboni bo‘lishiga yoki boshqalarning ham hayotini xavf ostida qoldirishiga zamin yaratib berayotgan kattalardan ko‘zlarini kattaroq ochishlarini, yoshlarning taqdiriga befarq bo‘lmasliklarini so‘raymiz. Nazorat tadbirlari davom etmoqda”, deyiladi YHXB xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 25 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilariga o‘z tabrigini yo‘llagandi. Tabrik matnida aytilishicha, ayni kunda 472 ming nafar yoshlar maktabni bitirmoqda.
Live
Barchasi